“TOZA QO‘LLAR” UMUMIY SALOMATLIKNI ASRASHNING MUHIM KAFOLATI
2025-05-15 18:00:00 / Yangiliklar

Qarorga ko‘ra, “Toza qo‘llar” dasturi doirasida sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlari sanitariya-gigiyena vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanadi, ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya-gigiyena ob’yektlari (hojatxona) infratuzilmasi yaxshilanib, ular binoning ichki qismida joylashtiriladi, shuningdek, aholi, jumladan, bolalar o‘rtasida shaxsiy gigiyena odatlarini shakllantirish va unga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, “Toza qo‘llar” dasturi nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar salomatligi uchun ham muhim tashabbus bo‘ldi. Xo‘sh, bu dasturning tub mohiyati hamda uning jamiyatimiz salomatligi yo‘lidagi nafi nimalardan iborat? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.
— May oyidan e’tiboran keng miqyosda amalga oshirila boshlagan “Toza qo‘llar” dasturi jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Avvalo, ushbu dasturning asosiy g‘oyalari, undan ko‘zlangan maqsadlar va jamiyatimiz hayotidagi uzoq muddatli ahamiyati haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz.
— “Toza qo‘llar” dasturi – bu shunchaki vaqtinchalik tadbir emas, balki Prezidentimizning joriy yil 30 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga kiritilgan hayotiy muhim yo‘nalishdir. Uning bosh g‘oyasi – aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sifatli sanitariya-gigiyena vositalari va sharoitlaridan foydalanish imkoniyatini tubdan kengaytirish hisoblanadi. Bu orqali yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, jamiyatda yuqori sanitariya madaniyatini shakllantirish va pirovardida xalqimiz uchun sog‘lom turmush, xavfsiz mehnat va mazmunli dam olish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Bu, hech mubolag‘asiz, millat salomatligi va kelajagi yo‘lidagi muhim ma’naviy sarmoyalardan biri hisoblanadi.
— “Toza qo‘llar” dasturining “O‘zbekiston-2030” strategiyasi kabi keng miqyosdagi davlat hujjatiga alohida yo‘nalish sifatida kiritilishining fundamental sabablari nimada, deb o‘ylaysiz?
— Bu qarorning negizida aholi salomatligini har tomonlama muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor, daxlsiz va doimiy yo‘nalishi ekanligi yotibdi. Tibbiyotda allaqachon o‘z isbotini topgan bir haqiqat bor – ko‘plab jiddiy yuqumli kasalliklar, ming afsuski, aynan tozalikka rioya etilmagan, yuvilmagan qo‘llar orqali yuqadi. Prezidentimiz raisligida yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu raqamlarning o‘ziyoq “Toza qo‘llar” dasturining naqadar hayotiy, kechiktirib bo‘lmas va o‘ta zaruriy ekanligini yaqqol namoyon etadi. Shundan kelib chiqib, bu shunchaki kundalik gigiyena masalasi emas, balki millat genofondini asrab-avaylash, jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni voyaga yetkazishdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qiladigan, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan vazifa ekani anglashiladi.
— Dasturning amalga oshirilishi jarayonida ijtimoiy soha ob’yektlari, xususan ta’lim va tibbiyot muassasalariga qanday aniq, yangilangan talablar qo‘yilmoqda hamda bu borada kay qo‘rinishdagi amaliy chora-tadbirlar kompleksi ko‘zda tutilmoqda?
— Har bir ijtimoiy soha muassasasida – u xoh chekka qishloqdagi maktab, xoh poytaxtdagi bog‘cha, zamonaviy shifoxona yoki nufuzli oliygoh bo‘lsin – har bir inson uchun munosib, xavfsiz va zamonaviy sanitar-gigiyenik sharoitlar yaratilishi shart va zarur. Bu borada barcha mavjud qo‘l yuvish joylari sifatli, sertifikatlangan gigiyena vositalari (suyuq sovun, antiseptiklar, bir martalik sochiqlar) bilan uzluksiz va yetarli miqdorda ta’minlanadi. Sharoiti nisbatan og‘ir bo‘lgan 126 ta maktabda eski, talabga javob bermaydigan hojatxonalar bino ichiga o‘tkazilib, barcha qulayliklarga ega yangilari quriladi yoki mavjudlari tubdan, zamonaviy loyihalar asosida ta’mirlanadi. 6 mingdan ziyod maktabgacha ta’lim muassasalarida uzluksiz issiq suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida samarali geliokollektorlar o‘rnatib beriladi, suv ta’minotida muammolari bo‘lgan 4 mingdan ziyod ijtimoiy muassasalarda esa yetarli hajmdagi suv zaxira idishlari (baklar) o‘rnatiladi. Ayni maqsadlarni amalga oshirish uchun joriy yildayoq davlat byudjetidan 780 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilmoqda. Bu esa davlatimizning ushbu masalaga bo‘lgan jiddiy e’tiborining yaqqol dalilidir.
Qolaversa, bundan buyon barcha yangi qurilayotgan ijtimoiy ob’yektlarda sanitariya-gigiyena xonalari majburiy tartibda binoning ichki qismida, xalqaro standartlarga mos ravishda loyihalashtiriladi va barpo etiladi. Bularning barchasi, pirovardida, xalqimiz salomatligini mustahkamlashga va hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
— Xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlar, masalan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, bozorlar yoki aholi gavjum bo‘ladigan boshqa jamoat joylari uchun “Toza qo‘llar” dasturi qanday aniq majburiyatlar va mas’uliyatlarni yuklaydi?
— Avvalo, barcha hududlardagi ta’lim muassasalaridagi sanitariya-gigiyena shohobchalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi va ularning sanitariya va shaharsozlik normalari hamda gigiyenik qoidalarga muvofiqligi baholanadi. Ushbu xatlov maxsus dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi va natijalarga ko‘ra, har bir sanitariya-gigiyena shohobchalari namunali, qoniqarli yoki qoniqarsiz deb baholanadi. Baholash natijasidan kelib chiqib, qoniqarsiz deb topilgan sanitariya-gigiyena shohobchalarini sanitariya talablariga to‘liq mos holatga keltirish choralari belgilanadi. Bu jarayonda ta’lim muassasalari uchun moslashtirilgan maxsus gigiyena dasturi ishlab chiqiladi hamda uning kundalik nazorati kuchaytiriladi. Ushbu dasturning o‘z vaqtida to‘laqonli amalga oshirilishi uchun maktabgacha va maktab ta’limi hududiy bo‘linmalari hamda ta’lim muassasalari rahbarlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilanadi.
Shuningdek, barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena shoxobchalari va umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar joriy etiladi.
— Bunday keng ko‘lamli moliyaviy xarajatlarni talab etadigan tashabbusni moliyalashtirish manbalari haqida ham aniqroq to‘xtalib o‘tsangiz?
— “Toza qo‘llar” dasturining barqaror va uzluksiz moliyaviy asosi – bu, birinchi navbatda, davlat byudjeti hisoblanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga dastur doirasidagi tadbirlar uchun, aniqlangan zarurat va asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq, yil davomida qo‘shimcha mablag‘lar ajratib borish vazifasi yuklatildi. Bu shuni anglatadiki, dastur ijrosida moliyaviy ta’minotda uzilishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Eng muhimi, ajratilgan mablag‘larning aniq maqsadga yo‘naltirilishi va samarali ishlatilishi ustidan eng qat’iy davlat va shaffof jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
— Mazkur dasturning samarali ijrosida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tutgan o‘rni va unga yuklatilgan asosiy vakolat hamda majburiyatlar nimalardan iborat?
— Ushbu dasturni amalga tatbiq etishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga bir oy muddatda mazkur muassasalarda sanitariya-gigiyena holatini saqlash uchun mablag‘lar ajratish normativlarini qayta ko‘rib chiqish va ularning amalda bajarilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga joriy yil 1 avgustga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro ekspertlarini jalb qilgan holda respublikaning barcha ijtimoiy soha muassasalarida, jumladan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va viloyatlararo avtomobil yo‘llari bo‘yidagi sanitariya-gigiyena shoxobchalarida sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash dasturini ishlab chiqish va hukumatga kiritish vazifasi qo‘yildi.
— “Toza qo‘llar” tashabbusining yakuniy muvaffaqiyatida keng jamoatchilikning, ya’ni har bir fuqaroning, oilaning, mahalla va ta’lim dargohlarining faol ishtiroki qanchalik muhim va bu borada aynan nimalarga alohida e’tibor qaratish, qaysi jihatlarni kuchaytirish lozim deb hisoblaysiz?
— Bu dasturning chinakam muvaffaqiyati har bir fuqaroning bu jarayonga ongli, chin dildan va faol ishtirokiga, “bu mening ham inson sifatidagi mas’uliyatim” degan yuksak daxldorlik hissiga bevosita bog‘liqdir. Har bir inson shaxsiy tozaligi nafaqat o‘zining, balki butun oilasi, farzandlari va atrofidagilarning salomatligi uchun nechog‘liq muhimligini chuqur anglashi, buni o‘zining kundalik, ajralmas odatiga aylantirishi shart.
Oilada ota-onalar farzandlariga yoshlikdan boshlab shaxsiy gigiyena qoidalarini, ayniqsa, qo‘l yuvish madaniyatini sabr-toqat, qat’iy iroda bilan singdirishlari kerak. Ta’lim muassasalarida esa murabbiylar va o‘qituvchilar “Toza qo‘llar” tamoyilini – ya’ni ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan so‘ng, tashqaridan kelganda va boshqa barcha zarur hollarda qo‘lni albatta sovunlab, oqar suvda kamida 20-30 soniya davomida yuvish hayotiy zarurat va madaniyat belgisi ekanligini o‘quvchilar ongiga chuqur singdirishlari lozim. Bu faqatgina davlat idoralarining vazifasi emas, balki butun jamiyatning, har birimizning umumiy ishimiz, vijdoniy burchimiz bo‘lmog‘i kerak.
Tozalik va salomatlik madaniyati har bir xonadondan, har bir oiladan, har bir insonning o‘zidan boshlanadi. Mahalla faollari, nuroniylar, ommaviy axborot vositalari ham bu borada o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlari kerak. Shunday hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilibgina biz sog‘lom, barkamol va farovon kelajakni barpo eta olamiz.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
