“TOZA QO‘LLAR” DASTURI AMALGA OSHIRILMOQDA
2025-05-12 16:20:00 / Yangiliklar

Qarorga ko‘ra, «Toza qo‘llar» dasturi doirasida sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlari sanitariya-gigiyena vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanadi.
Shuningdek, ularda ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya-gigiyena ob’yektlari (hojatxona) infratuzilmasi yaxshilanadi, ular binoning ichki qismida joylashtiriladi. Aholi, jumladan, bolalar o‘rtasida shaxsiy gigiyena odatlarini shakllantirish va unga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
Dasturda belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalak va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi Go‘zal Muxamedova bilan suhbatlashdik.
- Aytingchi, oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ham turli yuqumli kasalliklar tarqalishi ko‘payadimi?
Yuqumli kasalliklar, turli mikrob va bakteriyalar notoza qo‘llar orqali yuqishi tibbiyotda ma’lum. Toza bo‘lmagan qo‘llar orqali yuqadigan kasalliklar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Yuqumli kasalliklardan saqlanish, aholining ekologik madaniyatini shakllantirishda “Toza qo‘llar” tamoyilining o‘rni alohida.
Respublika Prezidenti raisligida yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektorda ham shu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda bo‘lishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan barcha maktab, bog‘cha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshirilishi nazarda tutildi.
- Bu dastur doirasida qanday ishlar amalga oshiriladi?
Ta’lim va tibbiyot tashkilotlaridagi qo‘l yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlanadi. Sharoiti og‘ir bo‘lgan 126 ta maktablarda hojatxonalar bino ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bog‘chaga geliokollektor olib beriladi, 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasada suv baki va sisterna o‘rnatilishi belgilandi.
Ushbu maqsadlar uchun shu yilning o‘zida byudjetdan 780 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda bo‘lishi, unda qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi.
“Toza qo‘llar” dasturining mohiyati, shaxsiy gigiyena haqida katta targ‘ibot kampaniyasini tashkil etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Zimmamizda katta mas’uliyat bor. Dasturga ko‘ra bir qancha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqchimiz. Avvalo, barcha hududlardagi ta’lim muassasalaridagi sanitariya-gigiyena shohobchalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi va ularning sanitariya va shaharsozlik normalari hamda gigiyenik qoidalarga muvofiqligi baholanadi. Ushbu xatlov maxsus dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi va natijalarga ko‘ra har bir SGSH namunali, qoniqarli yoki qoniqarsiz deb baholanadi.
Baholash natijasidan kelib chiqib, qoniqarsiz deb topilgan SGSHlarni sanitariya talablariga to‘liq mos holatga keltirish choralari belgilanadi. Bu jarayonda ta’lim muassasalari uchun moslashtirilgan maxsus gigiyena dasturi ishlab chiqiladi hamda uning kundalik nazorati kuchaytiriladi. Ushbu dasturning o‘z vaqtida to‘laqonli amalga oshirilishi uchun maktabgacha va maktab ta’limi hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari hamda ta’lim muassasalari rahbarlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilanadi.
Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad yuqumli kasalliklar, ichak infeksiyalarining oldini olish, sanitariya madaniyati darajasini oshirish, atrof muhitni sog‘lomlashtirish, aholining ovqatlanish, dam olishi, mehnat qilish sharoitlarini yaxshilashdan iborat.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
