PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV RAISLIGIDA VIDEOSELEKTOR YIGʻILISHI BO‘LIB O‘TMOQDA
2025-05-07 14:40:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
So‘nggi 7 yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshgani va joriy yilda 42 trillion so‘mga yetgani ta’kidlandi.
Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan kompleks tizim yaratildi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda. Birgina buyrak ko‘chirish amaliyoti kuniga 2 tadan bajarilmoqda.
Mamlakatimizda har o‘n ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya bilan bir xil ko‘rsatkich. Turkiya va Kanadada bu raqamlar 1,5 baravar kam.
“Ko‘rib turibsiz, bizda tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin, sifat-chi? Bu borada e’tirozli savollar juda ko‘p”,
— dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar iqtisodiyotimizga har yili 1 milliard dollar zarar keltirishi hisob-kitob qilingan. Tez yordamdagi jami chaqiruvlarning to‘rtdan biri surunkali kasalliklari bor bemorlarga to‘g‘ri келмоқда. (https://t.me/Press_Secretary_Uz/5699)
Masalan, Farg‘onadagi 12 ta mahallada o‘tkazilgan o‘rganishda har 10 nafar bemordan 8 nafari oilaviy shifokorni chetlab o‘tib, shifoxonaga yoki xususiy klinikaga borayotganini aytgan. Xorazmda esa bemorlar oilaviy shifokorni emas, tez yordamni afzal ko‘ryapti. Sodda qilib aytganda, tez yordam xuddi poliklinikadek bo‘lib qolgan.
Andijon, Namangan va Samarqand shahrida poliklinika shifokori kuniga 50-60 nafar bemorni qabul qilayapti. Bu hech qanday tibbiy standartlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Buxoroda oilaviy shifokorlar profilaktika, skrining va davolash bilan shug‘ullanish o‘rniga bemorni shifoxonaga yo‘naltiruvchi “dispetcher” bo‘lib qolgani qayd etildi.
Bu masalalarni na sog‘liqni saqlash mas’ullari, na hokimlar o‘ylab ko‘rmagani qayd etildi.
Tibbiy sug‘urtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Toshkent shahrida o‘tgan yili, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda bu yili ushbu tizim ishga tushishi kerak edi. Sug‘urta jamg‘armasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani кўрсатиб ўтилди. (https://t.me/Press_Secretary_Uz/5701)
“Belgilangan islohotlarimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, tizim raqamlashmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz”,
– dedi Prezident.
Lekin mutasaddilar tizimni to‘liq raqamlashtirish u yerda tursin, oddiy “elektron resept”ni ham ishga tushira olmagani tanqid qilindi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor.
“Vazirlik rahbarlari dunyoqarashini o‘zgartirib, fidoyi bo‘lmasa, mas’uliyatni his qilib, so‘rovni kuchaytirmasa, islohotlar mahallagacha yetib bormaydi”,
– dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar uchun sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari D.Sultanov, F.Sharipov lavozimidan ozod etildi, vazir o‘rinbosari O.Omonov 6 oyda raqamlashtirishda o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.
Davlatimiz rahbari muammolarga yechim topish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi va yangi tashabbuslarni илгари сурди. (https://t.me/Press_Secretary_Uz/5702)
Bugungi yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha salkam ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgani, xorijning ilg‘or tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingani ta’kidlandi.
“Agar birlamchi bo‘g‘in, raqamlashtirish va sug‘urtani joyiga qo‘ysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy ko‘nikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning o‘zi orqali ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz”,
– dedi Prezident.
Endilikda birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishi belgilandi. Prezidentimiz buni Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida chuqur tahlillar asosida tushuntirib berdi.
Endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham жалб этилади. (https://t.me/Press_Secretary_Uz/5704)
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq byudjetdan qoplanadi.
Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi.
Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.
Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
