27 APREL - 3 MAY KUNLARI RESPUBLIKA DAVOLASH-PROFILAKTIKA MUASSASALARIDA «IMMUNIZATSIYA HAFTALIGI» O‘TKAZILADI
2025-04-25 17:45:00 / Yangiliklar

Tashabbusning maqsadi — har bir bolaning emlash bilan oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan himoyalanish huquqi va ehtiyoji borligini eslatish orqali emlash qamrovini oshirish va bu boradagi xabardorlikni kuchaytirishdir.
2025 yilda bu tadbir 27 aprel - 3 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbir “Hammani emlashga erishish o‘z qo‘limizda” shiori ostida o‘tkaziladi.
Yevropa Immunizatsiya Haftaligi ota-onalar va vasiylar, tibbiyot xodimlari hamda siyosatchilarni nishonga oladi. Ayniqsa, zaif guruhlarga qaratilgan tadbirlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Aholi orasida yuqumli kasalliklarni oldini olishda vaksinatsiyaning ahamiyati to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borilib, bolalarni emlash tadbirlari amalga oshiriladi.
Haftalikning bu yilgi dasturida doirasida so‘nggi yarim asr davomida aholi orasida vaksina orqali boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tufayli ko‘plab insonlar, xususan, bolalarning hayoti saqlab qolingani, aholining umri uzaygani yoritiladi.
Kengaytirilgan immunizatsiya dasturi 1974 yilda yaratilganida bolalarni oltita kasallikdan himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bugungi kunda bolalar 13 turdagi infeksiyalarga qarshi emlanmoqda. Shuningdek epid ko‘rsatma bo‘yicha 6 oylikdan 30 yoshgacha qizamiqqa qarshi emlanmagan aholi va bolalarni emlash ishlari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizda bolalarni rejali ravishda 13 turdagi yuqumli kasalliklar — gepatit B, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiyasi, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiyasi, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk, odam papilloma virusiga qarshi vaksinalar bilan emlash o‘tkaziladi.
Hozirda mamlakatimizda 3600 ta emlash punktlarida vaksinalar zahirasi yaratilgan va bolalarni boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etmoqda. Emlanmagan 2-3 foiz bolalarni xaftalik davomida ro‘yxatlarini tuzib, emlash ishlari amalga oshiriladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee

