RESPUBLIKA BO‘YLAB DEGELMINTIZATSIYA TADBIRLARI O‘TKAZILMOQDA
2025-04-25 16:00:00 / Yangiliklar

Gelmintozlar hamma joyda keng tarqalgan. Inson organizmida parazitlik qila oladigan gelmintlarning 400 dan ortiq turlari ma’lum, O‘zbekistonda gelmintlarning 50 ga yaqin turi keng tarqalgan, yeng ko‘p qayd yetiladigan gelmintozlar enterobioz, gimenolepidoz, askaridoz, teniarinxoz va exinokokkoz.
Respublikada 2023-yildagi kabi 2024-yilda ham 8 million, asosan, bolalar tekshirilib, 200 mingdan ortiq ichak gelmintozi bilan kasallanganlar aniqlandi.
Gelmintozlar bilan zararlanganlarning 90%ni maktabgacha va maktab o‘quvchilari (1 dan 4 gacha bo‘lgan boshlang‘ich sinflar)tashkil etdi.
Ro‘yxatga olingan gelmintozlarning yeng katta ulushi muloqot orqali (enterobioz va gimenolepidoz) yuqadigan gelmintiozlarga to‘g‘ri keladi.
Respublikada 2025 yil 21 aprel – 3 may kunlari 2-10 yoshdagi bolalariga Albendazol 400 mg va Albevorm 400 mg dori vositalarini (1 tabletkadan, 400 mg - bolaning og‘irligi va yoshidan qat’i nazar bir marta) tarqatish orqali ommaviy degelmintizatsiyaning 1-turi o‘tkaziladi (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yil 10-apreldagi 05-11/7974-son Ko‘rsatma xati).
Gelmintozlarga qarshi olib boriladigan chora-tadbirlar juda samarali bo‘lib, nafaqat bolalar, balki butun mahalliy hamjamiyat uchun foydalidir. Bolalarni keng miqyosda gijjalarga qarshi davolash natijasida kasallikni sezilarli darajada kamaytirishga erishilsa, aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan targ‘ibot-tashviqot ishlari kasallik bilan qayta zararlanishini oldini olishga yordam beradi.
Bunday tadbirlarning uzoq vaqt davomida muntazam ravishda amalga oshirilishi simptomatik kasalliklarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, shuningdek, bolalarning sog‘lom o‘sishi, ovqatlanish sifati va aqliy hamda jismoniy qobiliyatlarini mustahkamlaydi.
Gijjalar yuqmasligi uchun shaxsiy va jamoaviy gigiyena qoidalariga rioya qilish kerak:
ovqatlanishdan oldin, hojatxonaga borgandan keyin, tashqaridan kelganda, hayvonlarni parvarishlash va tuproq bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirgandan keyin qo‘lni sovun bilan yuvish;
faqat yaxshi yuvilgan ko‘katlar, meva va sabzavotlarni iste’mol qilish;
faqat yaxshi pishirilgan va qovurilgan hayvon mahsulotlarni (go‘sht, baliq va ulardan tayyorlangan mahsulotlar) iste’mol qilish;
xom suvni, ayniqsa ochiq suv havzalaridan ichmaslik;
yaylovlar va hayvonlarni sug‘orish joylari yaqinida joylashgan ifloslangan chuchuk suv havzalarida cho‘milishdan bosh tortish;
xonalarda yuvish va dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda namli tozalash ishlarini muntazam amalga oshirish;
choyshab va ichki kiyimlar ozodaligiga rioya qilish, ularni issiq dazmol bilan dazmollash, o‘zingizning alohida to‘shagida uxlash, boshqa odamlarning shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanmaslik;
suv jo‘mraklari, yeshik tutqichlari, hojatxonalar, gorshoklarni dezinfeksiyalovchi yeritma bilan tozalash yoki ustiga qaynoq suv quyish;
uy hayvonlarini to‘g‘ri saqlash qoidalariga rioya qilish, parvarishlash, ularni gelmintlarga qarshi o‘z vaqtida davolash;
yangi najas/go‘ngni o‘g‘it sifatida ishlatmaslik faqat uni kompost qilgandan keyingina ishlatish tavsiya etiladi.
Bu qoidalarga nafaqat o‘zingiz amal qilishingiz, balki oila a’zolaringiz va boshqalarga, ayniqsa, bolalarga singdirishingiz muhim!
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
