UYDAN TASHQARIDA OVQATLANASIZMI? SIFATNI QANDAY NAZORAT QILISH MUMKIN?
2025-04-23 17:30:00 / Yangiliklar

Sanepidqo‘mita Nazoratlarni muvofiqlashtirish va Ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i Abzaljon Alimdjanov bilan mavzu yuzasidan suhbatlashdik.
– Uydan tashqarida ovqatlanganda oziq-ovqat sifatiga qanday e’tibor berish kerak?
– Bu juda dolzarb masala. Ovqat sifati inson salomatligi bilan bevosita bog‘liq. Avvalo, ovqatlanish uchun ishonchli, odam ko‘p to‘planadigan joylarni tanlash kerak.
– Taom sifati qaysi belgilarga qarab baholanadi?
– Taomning tashqi ko‘rinishi, organoleptik xususiyatlari, hidi va ta’miga albatta e’tibor berish kerak. Agar taom shubhali hidga ega bo‘lsa, unda yot moddalar - soch, chang, hasharot va hokazolar bo‘lsa yoki sovuq bo‘lsa, bunday taomni iste’mol qilmaslik kerak.
– Gigiyena holatini qanday baholash mumkin?
– Xodimlarning shaxsiy gigiyenaga rioya qilishi — muhim hisoblanadi. Kir kiyim, tozalanmagan idishlar, usti chang yoki yog‘ bosgan stollar — bu joyda oziq-ovqat xavfsizligiga rioya qilinmayotganini ko‘rsatadi. Oshxonaning umumiy tozalik holatiga alohida e’tibor qaratgan yaxshi.
– Taomnoma (menyu)dagi narxlar sifatiga ta’sir qiladimi?
– Albatta. Juda arzon narxdagi taomlar ortida sifatsiz, arzon xomashyo bo‘lishi mumkin. Shubhali kombinatsiyalar ham yetarlicha xavfli. Chunki bu yerda gigiyena va sifat ustuvor emasligini ko‘rsatadi.
– Ochiq oshxona ("Open kitchen") haqida nima deya olasiz?
– Agar taom tayyorlanayotgan jarayonni o‘zingiz kuzatsangiz, bu ishonchingizni oshiradi. Oshxonadagi tozalikni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, bu yaxshi belgidir. "Open kitchen" (ochiq oshxona) jumlasi, odatda, oshxona hududi devorlar bilan alohida ajratilmagan, balki u ovqatlanish zalida ochiq va birlashgan holda bo‘ladigan dizaynni anglatadi. Bunga misol qilib, Koreya, Xitoy va boshqa Yevropa oshxonalarini aytish mumkin.
– Ichimliklar ham xavfli bo‘lishi mumkinmi?
– Albatta. Ayniqsa, muz qo‘shilgan ichimliklarda. Agar muz toza suvdan emas, vodoprovod suvdan yasalgan bo‘lsa, u oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, qadoqlangan suv va ichimliklarni tanlash maqsadga muvofiq.
– Yurtdoshlarimizga maslahatingiz?
– Inson doim o‘z salomatligi uchun mas’ul. Agar taom yoki joy shubha uyg‘otsa, yaxshisi iste’mol qilmang. Sifatli ovqat - sog‘lom hayotning kafolatidir.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
