SIZ SO‘RADINGIZ — BIZ JAVOB BERAMIZ!
2026-10-30 17:40:00 / Yangiliklar

Nima uchun grippga qarshi emlanish muhim?
Vaksinatsiya grippning og‘ir kechishi va uning asoratlari xavfini kamaytirishning asosiy usullaridan biridir. Infeksiya faol tarqalishidan oldin emlanish tavsiya etiladi.
Kimlarga grippga qarshi emlanish ayniqsa tavsiya etiladi?
Birinchi navbatda, 60 yoshdan oshgan shaxslarga, bolalarga, homilador ayollarga, surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlarga, tibbiyot va ijtimoiy soha xodimlariga, shuningdek, ta’lim muassasalari xodimlariga emlanish tavsiya etiladi.
Shuningdek, ish yoki yashash sharoitiga ko‘ra gripp yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan yoxud kasallik og‘ir kechishi ehtimoli mavjud guruhlarga mansub shaxslar uchun ham vaksinatsiya muhim ahamiyatga ega.
Emlanishga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
Agar o‘zingizni noxush his qilsangiz yoki tana haroratingiz ko‘tarilgan bo‘lsa, to‘liq sog‘aygunga qadar emlanishni kechiktirish lozim.
Yaqinda o‘tkazilgan yuqumli kasallik, shu jumladan COVID-19 dan keyin, vaksinatsiya muddatini davolovchi shifokor bilan aniqlashtirib olish lozim. Odatda tavsiya etiladigan tanaffus 2–4 haftani tashkil etadi va bu kasallikning og‘irlik darajasi hamda mutaxassisning tavsiyalariga bog‘liq bo‘ladi.
Vaksinatsiyadan bevosita oldin terapevt, bolalar uchun esa pediatr ko‘rigidan o‘tish zarur. Ko‘rik davomida bemorning umumiy salomatlik holati va emlash imkoniyati baholanadi.
Shifokor ko‘rigi vaqtida surunkali kasalliklar, qabul qilinayotgan dori vositalari hamda yaqinda o‘tkazilgan yuqumli kasalliklar haqida ma’lumot berish lozim.
Agar shifokor tavsiya etmagan bo‘lsa, emlanishdan oldin isitma tushiruvchi yoki antigistamin preparatlarni qabul qilmang. Bu vaksina samaradorligini oshirmaydi.
Emlanishdan 1–2 soat oldin ovqatlanish va spirtli ichimliklar iste’mol qilishdan voz kechish tavsiya etiladi. Emlash jarayoni qulay bo‘lishi uchun yelka qismini oson ochish mumkin bo‘lgan kiyim kiyish maqsadga muvofiq.
Emlangandan keyin nima qilish kerak?
Vaksina yuborilgandan so‘ng 15–30 daqiqa davomida tibbiyot muassasasida shifokor nazorati ostida qolish tavsiya etiladi.
Emlanganlik haqidagi ma’lumotlarni saqlab qo‘ying. Vaksinatsiyadan keyin biror savol yoki muammo yuzaga kelsa, davolovchi shifokorga murojaat qiling.
Emlangandan keyingi dastlabki ikki hafta davomida, ya’ni organizmda immunitet shakllanayotgan davrda, yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan shaxslar bilan muloqotni cheklash tavsiya etiladi.
Sanepidqo'mita Axborot xizmati
