“TAKSOMAT” ORQALI OIV INFEKSIYASIGA O‘ZINI-O‘ZI TEKSHIRISH IMKONIYATI
2026-10-20 17:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli qarori bilan aholining turli qatlamlari o‘rtasida kasallikni erta bosqichlarda aniqlashga qaratilgan maqsadli va moslashtirilgan o‘z-o‘zini testdan o‘tkazish tadbirlarini keng joriy etish belgilangan. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika xududida joylashgan aholi gavjum jamoat joylari, aeroportlar va temir yo‘l vokzallariga taksomatlar o‘rnatish orqali aholi, xususan migrantlar uchun OIVga anonim tarzda yuqori ishonchli skrining tekshiruv ishlari samarali yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Ayni vaqtda Respublika OITSga qarshi kurashish markazi binosida, Toshkent shaxridagi I.Karimov nomidagi Halqaro aeroportiga, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aeroportlariga hamda Jizzax viloyatidagi Zomin sanatoriyasiga o‘rnatildi.
Shu kunga qadar 300 dan ortiq fuqarolar ushbu taksomatlar orqali so‘lak testlari yordamida o‘z-o‘zini OIV infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazdi. Ushbu tekshiruv fuqarolar uchun bepul, qulay, maxfiy, ishonchli, tezkor, tibbiy xodim ishtirokisiz va hech qanday invaziv aralashuvlarsiz xavfsiz tarzda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, testni o‘tkazish uchun maxsus laboratoriya uskunalari talab etilmaydi. Ushbu usul, ayniqsa, igna va qondan cho‘chiydigan, qon topshirishda qiyinchilikka duch keladigan fuqarolar uchun juda qulay imkoniyat yaratadi. Testning yana bir muhim afzalligi — vaqt tejalishi. So‘lak namunasi asosida test natijasi taxminan 20 daqiqadan 40 daqiqagacha olinadi.
Taksomatdan foydalanish tartibiga to‘xtalib o‘tsak:
Fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatini skaner qilgan holda taksomatdan OIVga o‘z-o‘zi tekshirish uchun so‘lak testini oladi va tekshiruvni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Bunda fuqaroning maxfiyligiga alohida e’tibor qaratiladi. Testdan o‘tgan shaxsning pasporti orqali identifikatsiya ma’lumotlari elektron tizimga integratsiya qilingan bo‘lib, ushbu ma’lumotlardan faqat belgilangan tartibda fuqaro bilan qayta aloqa o‘rnatish, test natijasi bo‘yicha zarur tibbiy maslahat berish va keyingi tibbiy xizmatlarga yo‘naltirish maqsadida foydalaniladi.
Taksomatdan foydalanish orqali so‘lak testi yordamida test natijasi musbat bo‘lsa, bu yakuniy tashxis emas, fuqaroga natijani tasdiqlash uchun laboratoriya tekshiruvidan o‘tish zarurligi tushuntiriladi va keyingi tibbiy yordamga yo‘naltiriladi, ya’ni fuqaro hududiy OITS markaziga murojaat qilib, qo‘shimcha laborator tekshiruvdan o‘tadi, tashxis tasdiqlansa, ushbu fuqaro darhol xududiy OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan bepul tibbiy nazoratga olinadi hamda antiretrovirus davolash xizmati ko‘rsatiladi. Shifokor tavsiyasiga amal qilish, retrovirusga qarshi dori vositalarini o‘z vaqtida, belgilangan tartibda qabul qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish natijasida ular uzoq va sog‘lom hayot kechirishlari mumkin.
2026 yilning yakuniga qadar respublikaning barcha hududlarida taksomatlarni o‘rnatish va ishga tushirish rejalashtirilgan.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
