QO‘LLARNI SOVUNLAB YUVISH INFEKSIYA TARQALISHINI 30-50% GA KAMAYTIRISHI MUMKIN. 15-OKTABR — BUTUNJAHON QO‘L YUVISH KUNI
2026-10-15 10:25:00 / Yangiliklar

Har yili 15-oktabr kuni Butunjahon qo‘l yuvish kuni nishonlanadi. Ushbu sana jamoatchilik e’tiborini shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish muhimligiga qaratish hamda qo‘llarni sovun bilan yuvish yuqumli kasalliklarning oldini olishning eng oddiy, qulay va samarali usullaridan biri ekanini eslatishga xizmat qiladi.
Kun davomida qo‘llarimiz turli yuzalar, buyumlar va atrof-muhit bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Natijada qo‘llarda turli kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar, jumladan, bakteriya va viruslar to‘planishi mumkin. Iflos qo‘llar bilan yuz, ko‘z, burun yoki og‘izga tegish, shuningdek, yuvilmagan qo‘llar bilan ovqatlanish mikroorganizmlarning organizmga tushishiga va turli kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Nima uchun qo‘llarni sovun bilan yuvish muhim?
Qo‘llarni muntazam va to‘g‘ri yuvish o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI), gripp, ichak infeksiyalari va boshqa ayrim yuqumli kasalliklarning tarqalish xavfini kamaytirishga yordam beradi. Ayniqsa, aholi gavjum joylarda, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, umumiy ovqatlanish korxonalarida hamda uy sharoitida gigiyena qoidalariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega.
Qo‘llarni qanday qilib to‘g‘ri yuvish kerak?
Qo‘llarni samarali tozalash uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qilish lozim:
- Qo‘llarni toza, oqar suvda namlang.
- Yetarli miqdorda sovun surting.
- Kaftlarni bir-biriga ishqalang.
- Qo‘llarning ustki qismini, barmoqlar orasini va bosh barmoqlarni yaxshilab yuving.
- Barmoq uchlari, tirnoqlar osti va bilaklarni tozalashni unutmang.
- Qo‘llarni kamida 20 soniya davomida yuving.
- Sovunni toza, oqar suv bilan yaxshilab chaying va qo‘llarni toza sochiq yoki bir martalik salfetka bilan quriting.
Qachon qo‘llarni yuvish kerak?
Quyidagi holatlarda qo‘l gigiyenasiga alohida e’tibor qaratish lozim:
- Ovqat tayyorlashdan va ovqatlanishdan oldin.
- Hojatxonadan foydalangandan keyin.
- Bemorni parvarish qilishdan oldin va keyin.
- Yo‘talish, aksirish yoki burunni qoqishdan keyin.
- Hayvonlar bilan aloqada bo‘lgandan keyin.
- Uy tozalash, chiqindilar bilan ishlash va ko‘chadan qaytgandan keyin.
- Bolaning tagligini almashtirgandan yoki hojatxonadan foydalanishiga yordam bergandan keyin.
- Qo‘llar ko‘zga ko‘rinadigan darajada ifloslanganda.
Agar qo‘llarni sovun va suv bilan yuvish imkoniyati bo‘lmasa, tarkibida spirt bo‘lgan antiseptik vositalardan foydalanish mumkin. Biroq qo‘llar ko‘zga ko‘rinadigan darajada ifloslangan bo‘lsa, ularni sovun va suv bilan yuvish afzal hisoblanadi.
Toza qo‘llar — salomatlik garovi!
Bolalikdan qo‘llarni to‘g‘ri yuvish odatini shakllantirish bolalar va kattalar salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega. Ota-onalarga bolalarga qo‘llarni to‘g‘ri yuvishni amalda ko‘rsatish va shaxsiy gigiyena qoidalariga har kuni rioya qilish nima uchun muhimligini tushuntirish tavsiya etiladi.
Butunjahon qo‘l yuvish kuni — yuqumli kasalliklarning oldini olish va atrofdagilar salomatligini himoya qilishda oddiy gigiyenik odatlarning ahamiyatini yana bir bor eslatadigan muhim sanadir. Atigi bir necha o‘n soniya vaqt oladigan ushbu odat salomatlikni saqlashda katta ahamiyat kasb etadi.
O‘z salomatligingiz va yaqinlaringiz salomatligini asrang — qo‘llaringizni muntazam va to‘g‘ri yuving!
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
