SUVNI TEJASH — HAR BIRIMIZNING BURCHIMIZ!
2026-10-06 14:45:00 / Yangiliklar

Bugun Buxoroda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) loyihasi doirasida xavfsiz suv, salomatlik va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan ikkita tadbir bo‘lib o‘tdi. 30-sonli maktab o‘quvchilari “Suv tomchisining sayohati” nomli interaktiv ta’lim tadbirida ishtirok etdilar. Shuningdek, mahalliy va milliy davlat organlari vakillari, mutaxassislar hamda OAV vakillari suv ta’minoti va sanitariya masalalari, shuningdek, “Suv va salomatlik muammolari bo‘yicha Protokol” doirasida O‘zbekistonning milliy maqsadli ko‘rsatkichlarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston 2023-yil dekabr oyida Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Suv va salomatlik muammolari bo‘yicha Protokol”ga qo‘shilgan davlat bo‘ldi. Protokol doirasida mamlakat suv, sanitariya, gigiyena va salomatlik sohalarida milliy maqsadli ko‘rsatkichlarni ishlab chiqmoqda. Hozirda ushbu ko‘rsatkichlar rasmiy tasdiqlash jarayonida.
SUVNING YO‘LI — BOLALARGA TUSHUNARLI TILDA
30-sonli maktabda o‘quvchilar interaktiv shaklda suvning manbadan uylarimiz va maktabgacha bo‘lgan yo‘li, uni qanday tayyorlash va sifatini nazorat qilish jarayonlari bilan tanishdilar. “O‘zsuvta’minot” AJ vakillari ushbu jarayon Buxoro shahrida qanday tashkil etilgani haqida ma’lumot berdilar.
Bolalar muhokamada faol ishtirok etib, mutaxassislar bilan birgalikda xavfsiz suv inson salomatligi uchun nima sababdan muhimligi hamda har birimizning kundalik odatlarimiz suv resurslaridan yanada tejamkor foydalanishga qanday yordam berishini o‘rgandilar.
Bunday tadbirlar bolalikdan suvga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va suv resurslarining qadr-qimmatini anglashga yordam beradi.
“Bolalar yoshligidanoq suvning qadrini tushunishlari va kundalik hayotda undan ehtiyotkorlik bilan foydalanishni o‘rganishlari muhim. Bolalikda olingan bunday bilim va shakllangan odatlar inson bilan ulg‘ayganida ham birga qoladi”, — deya ta’kidladi 30-sonli maktab direktori Irina Vladimirovna Kotova.
SUVDAN KUNDALIK FOYDALANISHDAN — MAHALLIY DARAJADAGI YECHIMLARGACHA
Kunning ikkinchi yarmida muhokamalar Buxoro viloyati va Buxoro shahri hokimliklari, milliy soha tashkilotlari, BMT YEIK hamda mahalliy OAV vakillari ishtirokida davom etdi.
Ishtirokchilar mahalliy ma’lumotlar va amaliy misollar asosida Buxoro viloyati va Buxoro shahrida suv ta’minoti hamda sanitariya sohasidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar. Alohida e’tibor “Suv va salomatlik muammolari bo‘yicha Protokol” doirasida O‘zbekistonning milliy maqsadli ko‘rsatkichlari va ularning mahalliy darajadagi amaliy chora-tadbirlar bilan bog‘liqligiga qaratildi.
“Suv sifati va undan oqilona foydalanish masalalari atrof-muhit holati hamda insonlar farovonligi bilan bevosita bog‘liq. Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va ulardan barqaror foydalanishni ta’minlash ayniqsa muhim”, — deya ta’kidladi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakili G‘olib Shukurov.
“Aynan mahalliy davlat hokimiyati organlari va joylardagi mutaxassislar aholining real ehtiyojlarini ko‘pincha eng yaxshi biladilar. Shu sababli ular O‘zbekistonning “Suv va salomatlik muammolari bo‘yicha Protokol” doirasidagi milliy maqsadli ko‘rsatkichlari rasman tasdiqlanganidan so‘ng ularni amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biriga aylanadilar”, — dedi BMT YEIK vakili Leonid Kalashnik.
Muhokama davomida suv ta’minoti va sanitariya sohasida kadrlar tayyorlash hamda yosh mutaxassislarni jalb qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
“Sohani barqaror rivojlantirish uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash va yoshlarni sohaga jalb etish muhim. Suv, sanitariya va aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq kasblarga qiziqishni hali maktab davridan shakllantirish zarur”, — deya ta’kidladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakili Olga Mirshina.
Tadbir yakunida mahalliy va milliy davlat organlari hamda BMT YEIK vakillari OAV vakillari va tadbir ishtirokchilarining savollariga javob berdilar.
LOYIHA HAQIDA
Tadbirlar “Iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbekistonda suv ta’minoti, sanitariya va suv resurslarini favqulodda ifloslanishdan himoya qilish sohasidagi faoliyatni kuchaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Loyiha Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtiriladi hamda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi (JSST/Yevropa) ko‘magida amalga oshiriladi.
Loyiha O‘zbekistonning BMT YEIK — JSST/Yevropa “Suv va salomatlik muammolari bo‘yicha Protokol”i hamda BMT YEIKning sanoat avariyalarining transchegaraviy ta’siri to‘g‘risidagi Konvensiyasi doirasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha xavfsiz suv ta’minoti va sanitariya, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda suv resurslarini avariyalar natijasidagi ifloslanishdan himoya qilish masalalarini o‘zida birlashtiradi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee



