SAYYOR QABUL - MUAMMOLARGA YECHIM
2026-09-25 17:25:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy shahridagi Xalq qabulxonasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Botirjon Кurbаnov tomonidan fuqarolar, tadbirkorlar hamda soha xodimlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul davomida murojaatchilar sanitariya-epidemiologiya sohasida o‘zlarini qiynayotgan jihatlar, tadbirkorlik faoliyatini yuritishda duch kelayotgan muammolar, sanitariya-gigiyena talablariga oid masalalar hamda soha faoliyati bilan bog‘liq boshqa muammolar yuzasidan murojaat qildilar.
Murojaatlar bevosita joyida tinglanib, har bir masalaning mazmun-mohiyati va kelib chiqish sabablari o‘rganildi. Murojaatchilarga amaldagi tartib va qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Yosh kadrlarni ish samaradorligiga ko‘ra qo‘shimcha rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs farzandiga gepatit A vaksinasi bilan emlash uchun amaliy yordam, turar joyni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazib berishda amaliy ko‘mak, xususiy stamotologiya ochishda binoga xulosa berish bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilindi.
9 nafar murojaatchilarning masalalari o‘rganilib, ularning yechimini ta’minlash yuzasidan mas’ul mutaxassislarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ayrim murojaatlar bo‘yicha masalalarni joyiga chiqib o‘rganish, zarur hollarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish belgilandi.
Sayyor qabul davomida ko‘tarilgan masalalarning ijrosi tegishli mutaxassislar tomonidan nazoratga olinib, murojaatlarning qonuniy va amaliy yechimini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Fuqarolar murojaatlari — muammolarni aniqlash, ularni o‘z vaqtida o‘rganish va amaliy yechim topishning muhim vositasidir.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


