O‘ZBEKISTONDA JAMOAT SALOMATLIGI TIZIMINI YANADA KUCHAYTIRISH BO‘YICHA XALQARO HAMKORLIKNING YANGI YO‘NALISHLARI MUHOKAMA QILINDI
2026-09-16 18:05:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkent shahridagi “Panarams Tashkent Hotel” mehmonxonasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot hamkorlari ishtirokida yillik koordinatsiya yig‘ilishi hamda O‘zbekistonda jamoat salomatligi tizimini baholashning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Yig‘ilish Sanepidqo‘mita, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida tashkil etildi. Unda xalqaro va donor tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, taraqqiyot hamkorlari hamda boshqa manfaatdor tomonlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekistonda jamoat salomatligi tizimini isloh qilish jarayonlarini inobatga olgan holda erishilgan natijalarni muhokama qilish, xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni taqdim etish, kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda jamoat salomatligi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasini muhokama qilishdan iborat. Davra suhbatida jamoat salomatligi tizimini baholashning maqsad va metodologiyasi, axborot manbalari va ish bosqichlari, asosiy natijalar, aniqlangan kuchli jihatlar va mavjud bo‘shliqlar, rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, milliy va xalqaro hamkorlarning fikr-mulohaza va takliflari asosida yo‘l xaritasini yanada takomillashtirish hamda qo‘shma harakatlarni rejalashtirish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida xalqaro hamkorlikning ko‘lami va amaliy natijalari ham taqdim etildi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, sohaga Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokidagi loyihalar doirasida 200 mln. AQSh dollari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma tomonidan 32,7 mln. AQSh dollari, KOICA tomonidan 14,15 mln. AQSh dollari, GIZ tomonidan 10 mln. Yevro miqdorida mablag‘lar jalb etilgan. Shuningdek, Jahon banki bilan 2,8 mln. AQSh dollarilik, CDC bilan 7 ta loyiha doirasida 1,2 mln. AQSh dollarilik, Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan 4 ta loyiha doirasida 1 mln. 270 ming AQSh dollarilik hamkorlik amalga oshirilmoqda. STRIDES loyihasi doirasida esa 1,8 mln. AQSh dollari miqdoridagi ishlar belgilangan.
Xalqaro hamkorlik doirasida aholi salomatligini muhofaza qilishning zamonaviy yondashuvlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, UNICEF bilan kengaytirilgan immunizatsiya dasturi, vaksinalarni xarid qilish, Qoraqalpog‘istonda iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirish, ichimlik suvining sanitariya va gigiena talablariga muvofiqligi hamda xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. JSST bilan «Yagona sog‘liq» tamoyilini ilgari surish, laboratoriya xizmatlarini kuchaytirish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va javob choralarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik olib borilmoqda. KOFIH bilan inson papilloma virusi bo‘yicha skrining va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash, shuningdek bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturini qo‘llab-quvvatlash loyihalari amalga oshirilmoqda.
Tadbirda zamonaviy epidemiologik nazorat usullariga oid istiqbolli yo‘nalishlar ham muhokama qilindi. Jumladan, Toshkentda oqova suvlar asosida epidemiologik nazoratni kengaytirish, ichimlik va oqova suvlar bo‘yicha integratsiyalashgan epidemiologik monitoringni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bunday yondashuv jamoat salomatligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan omillarni erta aniqlash va epidemiologik vaziyatni kuzatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Sanitariya nazoratini raqamlashtirish ham sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Xususan, ob’ektlar ustidan nazoratni «body-camera» va planshetlar orqali kuchaytirish, laboratoriya-tahlil xizmatlarining uzluksiz va sifatli ishlashini ta’minlash, yuqumli kasalliklarni erta aniqlash uchun milliy genetik laboratoriyani takomillashtirish, sanitariya-karantin punktlarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, jamoat salomatligi tushunchasi faqat yuqumli kasalliklar profilaktikasi bilan cheklanib qolmasdan, inson salomatligiga ta’sir qiluvchi atrof-muhit omillarini muntazam kuzatishni ham qamrab olmoqda. Istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari orasida Toshkent hududlarini shovqin darajasiga qarab zonalashtirish, atmosfera havosi ifloslanishining nafas yo‘llari kasalliklariga ta’sirini baholash, havo, suv, shovqin va qurilish omillarini hududiy kuzatish tizimini rivojlantirish hamda kasbiy xavflarni raqamli platforma orqali tahlil qilish va xalqaro tizimlarga integratsiyalashtirish masalalari ham bor.
Yig‘ilish doirasida JSST, UNICEF, UNOPS, Xalqaro migratsiya tashkiloti, CDC, GIZ, Culmen International, KOFIH va boshqa hamkorlarning O‘zbekistondagi joriy va rejalashtirilayotgan dasturlari taqdim etildi. Xususan, CDCning 2027 yilga mo‘ljallangan asosiy rejalari, GIZning epidemiologik nazorat va antimikrob preparatlarga chidamlilikni nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan yo‘nalishlari, UNICEF va Qo‘mita o‘rtasidagi 2026 yilgi qo‘shma dasturlar, KOFIHning sog‘liqni saqlashdagi tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha tashabbuslari hamda Toshkentda oqova suvlar asosida epidemiologik nazoratni kengaytirish bo‘yicha ishlar muhokama qilinadi.
Tadbir yakunida O‘zbekistonda jamoat salomatligi tizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha asosiy xulosalar, ustuvor yo‘nalishlar va amaliy choralar muhokama qilinib, milliy va xalqaro hamkorlarning takliflari asosida keyingi qadamlar belgilandi. Asosiy e’tibor profilaktikaga asoslangan, zamonaviy epidemiologik kuzatuv, sifatli laboratoriya xizmatlari, raqamli texnologiyalar, atrof-muhit omillarini monitoring qilish va xalqaro hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishga qaratilgan jamoat salomatligi tizimini shakllantirishga yo‘naltirildi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmat
@sanepidcommittee

