BIOLOGIK FAOL QO‘SHIMCHALAR REKLAMASIDA QONUN TALABLARIGA RIOYA ETING
2026-09-08 12:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar — oziq-ovqat xom ashyosini qayta ishlash yo‘li bilan yoki sun’iy usulda hosil qilingan hamda bevosita ovqat bilan birga iste’mol qilishga yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shishga mo‘ljallangan tabiiy yoxud tabiiyga aynan o‘xshaydigan biologik faol moddalarning konsentratlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 35-moddasiga ko‘ra, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga nisbatan qat’iy talablar belgilangan.
Jumladan, bunday reklama:
- biologik faol qo‘shimchalar dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
- ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligi yoki ularning ahvoli yaxshilanganligi to‘g‘risidagi muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
- ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorlarini o‘z ichiga olmasligi;
- sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek, boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqida taassurot yuzaga keltirmasligi lozim.
Shuningdek, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holatda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.
Ta’kidlash joizki, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 47-moddasiga ko‘ra, reklama faoliyati subyektlari bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar belgilangan.
Xususan:
- nomaqbul reklama berganlik — bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida;
- dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari, shuningdek, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga doir talablarni buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Reklama faoliyati subyektlarining javobgarligi
Qonunning 49-moddasida reklama faoliyati subyektlarining javobgarlik chegaralari belgilangan.
Unga ko‘ra:
Reklama beruvchi — reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning reklama tayyorlash uchun taqdim etiladigan axborot mazmuniga doir qismi buzilganligi uchun, agar ushbu qonunbuzarlik reklama tayyorlovchining yoki reklama tarqatuvchining aybi bilan yuz berganligi isbotlanmasa, javobgar bo‘ladi.
Reklama tayyorlovchi — reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning reklamani tayyorlashga doir qismi buzilganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
