PREZIDENT O‘N YILLIK IQTISODIY O‘SISHNI SARHISOB QILDI
2026-08-26 14:50:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimida so‘nggi o‘n yilda xalq bilan hamjihat bo‘lib amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritdi.
“O‘tgan davrda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investisiya kirdi. Iqtisodiyotimiz 2,5 barobardan ziyod ko‘paydi. Joriy yil YAIM hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5,7 million doimiy ish o‘rni yaratildi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 200 ming o‘rinli zamonaviy maktab, 342 ming o‘rinli bog‘cha va 62 ming o‘rinli shifoxonalar ishga tushirildi.
Odamlarning uzog‘ini yaqin qilish uchun 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurildi va ta’mirlandi. Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib bordi, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi zamonaviy uy-joyga ega bo‘ldi. Xalqimizda “Uyli bo‘lish – vatanli bo‘lish” degan naql bor. Shu ma’noda, kamida 2,5 million aholi vatanli bo‘ldi!” – dedi davlat rahbari.
Prezident bugun Yangi O‘zbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda baland yangrayotgani va xalqchil, tinchlikparvar siyosati dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidladi.
“Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz bugun Yangi O‘zbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda ham baland yangrayotganini, davlatimizning xalqchil, tinchlikparvar siyosati dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidladi.
– Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda,
– dedi davlatimiz rahbari.
Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, o‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish har bir inson uchun katta baxt ekani ta’kidlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yo‘li, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini ta’kidladi.
Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bag‘ishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor. U kishi tabarruk yoshda bo‘lsalar-da, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat bo‘lib kelmoqda.
Prezidentimiz davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
Shu kunlarda joylarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizga ham samimiy tabriklar aytildi.
Mukofotlanganlar orasida islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizga katta-katta sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni olib kelayotgan xorijlik hamkorlar borligi qayd etilib, ularga ham minnatdorlik bildirildi.
Mamlakatimiz yetakchisi mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
– Ko‘ksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi deb ishonaman,
– dedi davlatimiz rahbari marosim yakunida.
