MENINGOKOKK INFEKSIYASI VA KUYDIRGI KASALLIGI BO‘YICHA SEMINAR-TRENING
2026-08-25 12:40:00 / Yangiliklar

Toshkent shahridagi Inspira mehmonxonasida joriy yilning 24–28-avgust kunlariga mo‘ljallangan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va jamoat salomatligi mutaxassislari uchun meningokokk infeksiyasi va kuydirgi kasalligi bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.
Seminar-trening klinik mutaxassislar va jamoat salomatligi mutaxassislari/epidemiologlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, meningokokk infeksiyasi va kuydirgi kasalligi holatlarini aniqlash hamda ularga qarshi chora ko‘rish jarayonlarida ishtirok etadigan mutaxassislar qatnashmoqda.
Jumladan:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami shifokorlari;
- terapevt shifokorlar;
- infeksionist shifokorlar;
- tez va shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari;
- nevrolog shifokorlar;
- jamoat salomatligi mutaxassislari va epidemiologlar.
Ushbu trening aholi salomatligiga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatish salohiyatiga ega bo‘lgan, mamlakatda jamoat salomatligi uchun muhim muammo hisoblangan ikki bakterial infeksiya — meningokokk infeksiyasi va kuydirgi kasalligi bo‘yicha tayyorgarlik va chora ko‘rish salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.
O‘quv dasturi holatlarni klinik boshqarish, jumladan, kasallikni erta aniqlash, laboratoriya diagnostikasi, antimikrob terapiya va qo‘llab-quvvatlovchi davolash bilan bir qatorda, kasalliklar ustidan epidemiologik kuzatuv va ularni nazorat qilish choralarini qamrab oladi.
Meningokokk infeksiyasiga bag‘ishlangan o‘quv komponenti Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining «2030 yilgacha meningitni yengish» global yo‘l xaritasi (Defeating Meningitis by 2030)ni milliy darajada amalga oshirishga ko‘maklashadi. Kuydirgi kasalligi bo‘yicha komponent esa kasalliklar avj olish holatlariga tayyorgarlik ko‘rish va chora ko‘rishda «Yagona salomatlik» (One Health) yondashuvi asosida tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Barcha o‘quv materiallari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining amaldagi qo‘llanmalari, tavsiyalari va texnik me’yoriy hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
O‘quv-treningni yakunlaganidan so‘ng ishtirokchilar quyidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar:
• O‘tkir bakterial meningit va meningokokk infeksiyasining jamoat salomatligiga ta’sirini tavsiflay olish.
• O‘tkir bakterial meningit qo‘zg‘atuvchilarini, infeksiya yuqish mexanizmlarini va moyillikni oshiruvchi omillarni tavsiflay olish.
• O‘tkir bakterial meningitning klinik belgilari va simptomlarini aniqlay olish.
• O‘tkir bakterial meningitga gumon qilingan bemorlarni statsionar bosqichda hamda ixtisoslashtirilgan muassasaga yo‘llanguniga qadar olib borish bo‘yicha tegishli protokollarni qo‘llay olish.
• O‘tkir bakterial meningitda diagnostik tekshiruvlarni, jumladan, qon va orqa miya suyuqligini laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish va ularning natijalarini to‘g‘ri talqin qila olish.
• Tegishli empirik va etiologik antibakterial terapiyani belgilay olish, bunda antimikrob preparatlarga chidamlilik va antimikrob vositalardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish.
• Ad’yuvant va qo‘llab-quvvatlovchi davolashni ta’minlash, shuningdek, meningitni boshdan kechirgan va asoratlari mavjud bemorlarning keyingi kuzatuvini tashkil eta olish.
• Meningokokk infeksiyasi bo‘yicha rutin epidemiologik nazorat, kasalliklar avj olishini tekshirish va chora ko‘rish maqsadlarida holatlarning standart ta’riflarini qo‘llay olish.
• Meningokokk infeksiyasining oldini olish va nazorat qilish choralarini, jumladan, kontaktdan keyingi antibiotik profilaktikasi, infeksiyalarning oldini olish va infeksion nazorat (IPC) choralari, shuningdek, epidemiologik ko‘rsatmalar asosida vaksinatsiya o‘tkazishni tavsiflash va amalga oshira olish.
• Sibir yarasining klinik shakllarini — teri, ingalyatsion va oshqozon-ichak shakllarini aniqlay olish hamda tegishli diagnostik, davolash va epidemiyaga qarshi choralarni qo‘llay olish.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


