OIVga QARSHI KURASH: MILLIY YONDASHUV VA XALQARO HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
2026-08-14 17:10:00 / Yangiliklar

Respublika OITSga qarshi kurash markazida “O‘zbekistonda OIVga qarshi kilurashish borasida milliy chora-tadbirlar: bugungi holat, dasturlar barqarorligi va keyingi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori B. Igamberdiyev ochib, OIV infeksiyasiga qarshi kurash tizimini yanada rivojlantirish, profilaktika va aholining xabardorligini oshirish borasida oldinda turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Ayniqsa, sohada milliy kontentni rivojlantirish, aholiga OIVning oldini olish, erta aniqlash va davolash imkoniyatlari haqida sodda, ishonchli va tushunarli axborot yetkazish, zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Davra suhbatida OIV infeksiyasiga qarshi kurash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, xalqaro hamkorlar bilan mavjud aloqalar hamda ularni kelgusida yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Global jamg‘armaga yangi ariza tayyorlash, dasturlar barqarorligini ta’minlash va keyingi bosqichdagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalarda davlat tashkilotlari, xalqaro hamkorlar va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari OIVga qarshi kurash samaradorligini oshirishda muhim omil ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida sohani rivojlantirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish, milliy axborot resurslarini boyitish hamda OIVga qarshi kurash bo‘yicha milliy yondashuvni yanada takomillashtirishga qaratilgan qator taklif va vazifalar belgilab olindi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee

