SOHANI RAQAMLASHTIRISH BO‘YICHA AMALGA OSHIRILAYOTGAN TADBIRLAR
2026-07-28 17:00:00 / Yangiliklar
Axborot kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limi bosh mutaxassisi Jo‘rabek Omonov — sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar mavzusida ma’lumot berdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan bir qator axborot tizimlari ishlab chiqilib, joriy etilmoqda. Bu tizimlar epidemiologik nazorat, laboratoriya tahlillari, emlash jarayonlari, vaksina logistikasi, kadrlar samaradorligini baholash va boshqa muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Ishga tushirilgan va ishlab turgan axborot tizimlar:
- YUKEM AT. Yuqumli kasalliklar epidemiologik monitoringi axborot tizimi. Ushbu tizim yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik ma’lumotlarni elektron shaklda yig‘ish, monitoring qilish, tahlil etish va tezkor hisobotlarni shakllantirish imkonini beradi.
- Xavfni tahlil etish (Svetofor) AT. Nazorat ostidagi obyektlarning yagona elektron bazasi. Bu tizim nazorat obyektlarini yagona bazada yuritish, xavf darajasini baholash, tekshiruvlarni rejalashtirish hamda boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlaydi.
- Gepatit AT. Gepatit kasalliklari bo‘yicha bemorlar reyestrini yuritish, monitoring qilish, statistik hisobotlarni shakllantirish hamda yangi modullar orqali tizim imkoniyatlarini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
- Masofaviy ta’lim (SanMin) AT. Sanitariya me’yorlari bo‘yicha masofaviy o‘quv kurslari, testlar, sertifikatlash va onlayn to‘lovlarni tashkil etuvchi ta’lim platformasi.
- BFQ elektron katalogi AT. Biologik faol qo‘shimchalar, parfyumeriya, kosmetika va oziq-ovqat qo‘shimchalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron katalog ko‘rinishida yuritish va vakolatli organlar bilan integratsiyani ta’minlaydi.
Ishlab chiqilayotgan va joriy etilayotgan tizimlar:
☑️ VLMIS AT. Vaksina logistikasini boshqarish tizimi.
☑️ EIR. Elektron emlash reyestri.
☑️ Tibbiy ko‘rik AT. Tibbiy ko‘rik jarayonlarini raqamlashtirish.
☑️ KPI AT. Samaradorlik darajasini baholash tizimi.
☑️ LIS AT. Laboratoriya axborot tizimi.
Sanepidqo'mita Axborot xizmati
