OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI XAVFSIZLIGI BO‘YICHA INSPEKTORLARNI O‘QITISH YO‘LGA QO‘YILDI
2026-07-08 17:35:00 / Yangiliklar

Respublikada oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yildagi 12 maydagi PQ-178-son Qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan respublikamiz viloyatlarida oziq-ovqat xavfsizligi sohasida faoliyat yuritayotgan inspektorlar (sanitariya vrachlar) uchun maxsus sayyor o‘quv kurslari tashkil etildi. Xozirgi kunga qadar 100 dan ortiq mutaxassislar o‘qitildi.
Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini nazorat qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois mazkur kurslarda inspektorlarga sohadagi qonunchilik yangiliklari, xalqaro standartlar, xalqaro myorlarga muvofiqlashtirilgan Sanitariya qoidalari va normalari hamda zamonaviy nazorat usullari bo‘yicha bilimlar berilmoqda.
O‘quv jarayonlari ishtirokchilar mahsulotlarni ishlab chiqarishdan tortib, iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda xavfsizlik talablari xaqida muhokamlar qilinmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barcha zanjirlarida xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, НАССР tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ham ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.
Kurs mashg‘ulotlariga jalb etilgan mutaxassislar ta’kidlashicha, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida samarali nazoratni ta’minlash uchun inspektorlar bilim va malakasini muntazam oshirib borish muhim ahamiyatga ega. Ushbu kurslar davomida inspektorlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar va zamonaviy nazorat mexanizmlari bilan tanishmoqda.
Seminar-treninglar davomida mahsulotlarni saqlash va tashish jarayonlarida uchraydigan xatarlar, savdo obyektlarida sanitariya talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda raqamli monitoring tizimlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kunga qadar sayyor uquv darslari Nukus shahri, Farg‘ona, Andijon, Buxoro va boshqa hududlarning Viloyat Sanitariya epidemiologiya boshqarmalarida o‘tkazilib kelindi. Shuningdek, darslarni amaliy qismi mahalliy ishlab chiqarish korxonalarda o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv kurslari bosqichma-bosqich barcha hududlarda tashkil etilishi, sohada faoliyat yuritayotgan inspektorlarning kasbiy mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha inspektorlarni o‘qitish tizimining yo‘lga qo‘yilishi aholi uchun xavfsiz va sifatli mahsulotlar yetkazib berilishini ta’minlash, sohadagi nazorat samaradorligini oshirish hamda jamoat salomatligini muhofaza qilishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee

