UCH YOSHGACHA BO‘LGAN BOLALAR UCHUN YOZGI OVQATLANISH QOIDALARI
2026-07-08 15:30:00 / Yangiliklar

Yozning jazirama kunlari kelishi bilan odatiy turmush tarzi va kun tartibi, moddalar almashinuv jarayonlari ham o‘zgaradi. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ovqatlanish masalalari ayniqsa muhim bo‘lib qoladi, ularning ovqat hazm qilishi har xil o‘zgarishlarga juda sezgir bo‘ladi. Yozda kichik yoshdagi bolalarni qanday qilib to‘g‘ri ovqatlantirish kerak? Buning uchun yozgi ovqatlanishning o‘nta asosiy qoidasini eslab qolish kerak.
Birinchi qoida — odatiy taomnomaning o‘zgartirilishi
Yozda tashqi haroratning ko‘tarilishi hisobiga moddalar almashinuvi o‘zgaradi — kaloriyalar tana haroratini saqlashga emas, balki uni sovitishga sarflanadi. Bolalar juda harakatchan bo‘ladilar va ularda moddalar almashinuvi ayniqsa jadal boradi, ko‘p miqdorda suv yo‘qotiladi, tana yuzasidan namlik bug‘lanadi, u bilan birga tuz ham bug‘lanadi. Bundan tashqari, bolaga tana tuzilishi uchun oqsillar ham zarur, tana vaznining har bir kilogrammiga o‘rtacha 4 grammga yaqin, ayniqsa hayvon oqsillari.
Issiq bo‘lishiga qaramay, bolaning ratsionida yog‘lar yetarli bo‘lishi kerak, biroq umumiy foizda o‘simlik yog‘larining ulushi sezilarli darajada oshadi — bu salat yoki sabzavotli ovqatga qo‘shimcha sifatida ishlatiladigan o‘simlik moylaridir. Yog‘lar sut mahsulotlarida ham bo‘ladi.
Lekin yozda uglevodlarning ko‘p bo‘lishi foydali bo‘lmaydi, agar bolaga ko‘p bulochka va shirinliklar berilsa, unda moddalar almashinuvi jarayonlarining o‘zgarishi hisobiga vitaminlar va oqsil tanqisligi yuzaga keladi.
Yozning jazirama kunlarida vitaminlar sarfi keskin ortadi. Shuning uchun bola ularni faol ravishda to‘ldirishi kerak. Shuning uchun bolalar ratsionida har kuni yangi meva va sabzavotlar, rezavorlar bo‘lishi kerak, bir yarim yoshgacha bo‘lgan bola o‘rtacha 250 g gacha, uch yoshgacha 300 g gacha iste’mol qilishi kerak.
Ikkinchi qoida — ovqatlanish tartibini o‘zgartirish
Harorat rejimining o‘zgarishi hisobiga bolaning ovqatlanish tartibida ham o‘zgarish yuz beradi. Jazirama issiqda kaloriyali va to‘yimli ovqatlarni ertalabki yoki kechki soatlarga qoldirgan ma’qul.
Uchinchi qoida — yozda taomlarni tayyorlash usuli
Yozda bolalarning barcha ovqatlari, shu jumladan ovqat tayyorlash usuli ham o‘zgaradi, shunda ovqat yaxshi hazm bo‘ladi. Endigina qo‘shimcha ovqat berilayotgan kichkintoylarga meva va sabzavotlarni bug‘da pishirib va dimlab berish kerak.
Bundan tashqari, issiqda mahsulotlar tez buziladi. Shuning uchun eng yaxshisi, ovqat qoldiqlari saqlanmasligi uchun ovqatni bir marta, kichik porsiyalarda tayyorlashdir.
To‘rtinchi qoida — bolalar uchun yozgi mahsulotlar turini tanlash
Uch yoshgacha bo‘lgan bolaning organizmi hali juda yetilmagan va ovqatning hazm bo‘lishi hali to‘liq amalga oshirilmagan, barcha ferment tizimlari to‘liq yetilmagan. Shuning uchun ota-onalar iste’mol qiladigan ko‘plab yozgi mahsulotlarni kichkintoylarga bermaslik kerak.
Masalan, okroshka yozgi dasturxonning an’anaviy taomi hisoblanadi, ammo uning tarkibida bolalar uchun foydali bo‘lmagan mahsulotlar mavjud.
Beshinchi qoida — mahsulotlarni saqlash qoidalariga qat’iy rioya qilamiz
Yoz faslida bolalar uchun mo‘ljallangan barcha mahsulotlarni faqat sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda sotib olish zarur. Kichkintoylar uchun sut va sut mahsulotlarini muzlatgichlar bo‘lmagan bozorlar va do‘konlardan sotib olish mumkin emas. Ayniqsa ular boshqa mahsulotlar solingan plastik shishalarga quyilgan bo‘lsa.
Issiq havoda chaqaloq salomatligi uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlardagi o‘zgarishlar bir soat ichida, muzlatgich sharoitida esa 6–10 soat ichida sodir bo‘ladi.
Oltinchi qoida — gigiyenani unutmaylik
Yozda ichak infeksiyalari va gijja invaziyalari asosiy xavf hisoblanadi. Ularni oldini olishning asosiy usuli qo‘l va tana gigiyenasini ko‘proq nazorat qilishdir. Har bir sayrdan va hojatxonaga borishdan so‘ng albatta bolaning qo‘llarini sovunlab yuvish kerak. Meva va sabzavotlarni albatta yuvish kerak.
Yettinchi qoida — oqilona ish tutamiz
Albatta, yozda bolani turli xil yangi mevalar, sabzavotlar va rezavorlar bilan erkalatginingiz keladi. Lekin shuni esda tutish kerakki, bolaning ovqat hazm qilishi hali juda nozik, shuning uchun bolaga birdaniga ko‘p ho‘l meva berish yaramaydi. Avvalo, agar bola bu mahsulotlarni birinchi marta iste’mol qilayotgan bo‘lsa. Ayniqsa, yorqin yoki ekzotik meva va rezavorlarni iste’mol qilish har doim allergiya yoki ovqatni ko‘tara olmaslik xavfini tug‘diradi. Shuning uchun dastlab kichkintoyga bir bo‘lak yoki bir-ikki dona rezavor meva berib, bir sutka kutish kerak. Agar toshma toshmasa yoki ovqat hazm bo‘lishida noxush holatlar kuzatilmasa, bu mahsulotni biroz ko‘proq berish mumkin.
Sakkizinchi qoida — ichimliklarni tanlaymiz
Asosiy ichimlik — oddiy suv. Har 20–30 daqiqada bolaga suv ichirib turish kerak. Agar siz mineral suvni tanlasangiz, u faqat gazsiz bo‘lishi kerak. Quduq yoki jo‘mrak suvini yaxshilab filtrlash va qaynatish kerak. Meva suvini esa suv bilan suyultirib kam miqdorda berish kerak.
To‘qqizinchi qoida — to‘g‘ri ichimlik rejimini shakllantiramiz
Bola o‘zini yaxshi his qilishi uchun to‘g‘ri ichimlik rejimi zarur. Shunda terlash bilan ortiqcha suyuqlik yo‘qotilmaydi va suvsizlanish sodir bo‘lmaydi. Bolalarga ichimliklar salqin — taxminan 18–20 daraja, bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa taxminan 25–27 daraja beriladi. Chanqoqlikni qondirishning eng samarali usuli kuniga har bir kg tana vazniga 50 ml hisobidan bo‘lib-bo‘lib ichishdir, ya’ni o‘rtacha har soatda uchdan bir stakandan suyuqlik ichish kerak.
O‘ninchi qoida — sayohat va pikniklarda ovqatlanishni tashkil etamiz
Yozda oilalar, jumladan, yosh bolalari bilan pikniklarga va tabiat qo‘yniga boradilar, dala hovlilarga boradilar. Ushbu sayohatlar paytida chaqaloqlarni zaharlanish va oshqozon buzilishining oldini olish uchun to‘g‘ri ovqatlantirish kerak. Avvalo shuni bilish kerakki, uch yoshgacha kattalar pikniklarda iste’mol qiladigan mahsulotlar — sosiska, kabob, barbekyu va boshqalarni bolalarga berish mumkin emas. Ular juda og‘ir va ovqat hazm qilishning buzilishiga olib keladi.
Agar ushbu oddiy qoidalarni eslab qolsangiz va maslahatlarimizga amal qilsangiz, farzandingizni yoz faslida ovqatlantirish siz uchun muammo bo‘lmaydi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
