PNEVMOKOKK INFEKSIYASI — 5 YOSHGACHA BO‘LGAN BOLALAR UCHUN JIDDIY XAVF
2026-07-03 15:10:00 / Yangiliklar

Pnevmokokk infeksiyasi bugungi kunda dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklardan biri hisoblanadi. Ushbu infeksiya Streptococcus pneumoniae (pnevmokokk) bakteriyasi tomonidan chaqiriladi va ayniqsa chaqaloqlar, kichik yoshdagi bolalar, yoshi katta insonlar hamda immuniteti pasaygan shaxslarda og‘ir kechishi mumkin.
Pnevmokokk bakteriyasi nafas yo‘llarining shilliq qavatida yashashi mumkin. Ayrim hollarda u hech qanday alomat bermasligi mumkin, biroq organizmning himoya kuchi pasayganda yoki gripp, respirator virusli infeksiyalar kabi kasalliklardan keyin faolashib, og‘ir asoratlarni yuzaga keltiradi. Kasallik havo-tomchi yo‘li orqali, ya’ni yo‘talish, aksirish yoki bemor bilan yaqin muloqot qilish natijasida yuqadi.
Pnevmokokk qanday kasalliklarni keltirib chiqaradi
Pnevmokokk organizmning turli a’zolarini zararlashi mumkin. U quyidagi xavfli kasalliklarning asosiy sababchilaridan biri hisoblanadi
- zotiljam (pnevmoniya);
- o‘rta quloq yallig‘lanishi (otit);
- sinusit;
- bronxit;
- meningit;
- sepsis;
- endokardit;
- artrit;
- kon’yunktivit va boshqa yiringli infeksiyalar.
Mazkur kasalliklarning ayrimlari qisqa vaqt ichida og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa meningit va sepsis tezkor tibbiy yordamni talab qiladigan hayot uchun xavfli holatlardir.
Kasallikning tarqalishi va statistik ma’lumotlar
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, pnevmokokk barcha zotiljam kasalliklarining qariyb 70 foizini, o‘rta quloq yallig‘lanishlarining 25 foizga yaqinini, yiringli meningitlarning 5–15 foizini, endokarditlarning esa 3 foizga yaqinini keltirib chiqaradi.
Har yili dunyo bo‘yicha minglab bolalar pnevmokokk infeksiyasi tufayli shifoxonaga yotqiziladi. Afsuski, o‘z vaqtida tashxis qo‘yilmasa yoki davolash kechiksa, kasallik og‘ir asoratlar bilan yakunlanishi mumkin.
Nima uchun aynan kichik yoshdagi bolalar ko‘proq xavf ostida
Pnevmokokk infeksiyasi ayniqsa 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘p uchraydi. Buning asosiy sababi ularning immun tizimi hali to‘liq shakllanmaganidir. Kichik yoshdagi bolalar organizmi pnevmokokk bakteriyasiga qarshi yetarli miqdorda himoya antitanachalarini (antitelalar) ishlab chiqara olmaydi. Shu sababli bakteriya organizmga kirganda tez ko‘payib, og‘ir kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, bolalar bog‘chalari va boshqa jamoalarda yaqin muloqotda bo‘lish infeksiyaning bir boladan boshqasiga oson yuqishiga sabab bo‘ladi.
Kasallik belgilari
Pnevmokokk infeksiyasining belgilari zararlangan a’zoga qarab farq qiladi. Eng ko‘p uchraydigan alomatlar quyidagilar:
- tana haroratining keskin ko‘tarilishi;
- kuchli yo‘tal;
- nafas olishning qiyinlashishi;
- ko‘krak qafasidagi og‘riq;
- quloqdagi og‘riq va eshitishning pasayishi;
- bosh og‘rig‘i;
- bo‘yin muskullarining qotishi;
- holsizlik, ishtahaning pasayishi va bezovtalik.
Bunday belgilar kuzatilganda bolani o‘z vaqtida shifokorga olib borish muhimdir. O‘zbilarmonlik bilan antibiotik qabul qilish tavsiya etilmaydi, chunki bu bakteriyalarning dori vositalariga chidamliligini oshirishi mumkin.
Kasallikning oldini olish mumkinmi?
Pnevmokokk infeksiyasining eng samarali profilaktikasi — emlashdir. Pnevmokokkka qarshi vaksinalar dunyoning ko‘plab davlatlarida 30 yildan ortiq vaqtdan buyon qo‘llanilib kelmoqda hamda ularning xavfsizligi va samaradorligi ilmiy jihatdan isbotlangan.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ommaviy emlash natijasida bolalar o‘rtasida pnevmokokk sababli yuzaga keladigan zotiljam kasalliklari 80 foizgacha kamayadi;
otit bilan kasallanish qariyb uchdan bir qismga qisqaradi;
bakteriya tashuvchiligi kamayishi hisobiga emlanmagan bolalar va kattalar orasida ham kasallanish darajasi pasayadi. Bu esa nafaqat emlangan bolalarni, balki jamiyatdagi boshqa aholini ham bilvosita himoya qiladi.
Vaksinaning samaradorligi
Hayotining dastlabki 6 oyida pnevmokokk infeksiyasiga qarshi ikki dozali birlamchi emlash o‘tkazilgan bolalarda vaksina tarkibidagi barcha asosiy serotiplarga qarshi antitanachalar miqdori sezilarli darajada oshishi kuzatilgan. To‘liq emlash kursi yakunlangach esa emlangan bolalarning 87–100 foizida kasallikdan himoya qiluvchi antitanachalar darajasi aniqlangan.
Bu ko‘rsatkichlar vaksinaning bolalar organizmida kuchli va barqaror immunitet hosil qilishini tasdiqlaydi.
Ota-onalar nimalarga e’tibor berishi kerak
Farzand salomatligini asrash uchun ota-onalar quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari muhim
Milliy emlash taqvimiga muvofiq barcha emlashlarni o‘z vaqtida olish.
Bolada yuqori isitma, nafas olish qiyinlashuvi yoki quloq og‘rig‘i kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish.
Bolani gripp va boshqa respirator infeksiyalardan imkon qadar himoya qilish.
Qo‘llarni muntazam yuvish, xonalarni shamollatish va gigiyena qoidalariga rioya qilish.
Bolaning to‘g‘ri ovqatlanishi va immunitetini mustahkamlashga e’tibor qaratish.
Pnevmokokk infeksiyasi oldini olish mumkin bo‘lgan, ammo e’tiborsiz qoldirilsa og‘ir oqibatlarga olib keladigan kasallikdir. Ayniqsa 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar ushbu infeksiyaga nisbatan eng zaif guruh hisoblanadi. Kasallikning oldini olishda o‘z vaqtida emlash, gigiyena qoidalariga rioya qilish va shifokor tavsiyalariga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Vaksinatsiya nafaqat bolani xavfli kasalliklardan himoya qiladi, balki jamiyatda pnevmokokk infeksiyasining tarqalishini ham sezilarli darajada kamaytiradi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
