NITRATLAR NAZORATI - SALOMATLIK KAFOLATI
2026-06-17 16:50:00 / Yangiliklar

Yoz fasli kelishi bilan aholi orasida tarvuz va qovun iste’moli sezilarli darajada ortadi. Shu bilan birga, ushbu poliz mahsulotlarida nitratlar miqdori va ularning inson salomatligiga ta’siri haqidagi savollar ham ko‘paymoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, nitratlar o‘simliklar o‘sishi uchun zarur bo‘lgan tabiiy birikmalar hisoblanadi. Biroq ularning mahsulot tarkibida me’yordan ortiq to‘planishi inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Sanitariya qoidalariga muvofiq, tarvuzlarda nitratlarning ruxsat etilgan miqdori 60 mg/kg, qovunlarda esa 90 mg/kg etib belgilangan. Ushbu ko‘rsatkichlar SanQvaN 0366-19 talablarida aks ettirilgan. Nitratlarning yuqori miqdori mahsulotning tashqi ko‘rinishi yoki ta’mi orqali har doim ham aniqlanavermaydi. Oddiy ta’m bilish retseptorlari orqali nitratlar bor-yo‘qligini bilish qiyin. Ayrim hollarda ortiqcha azotli o‘g‘itlar ta’sirida yetishtirilgan mahsulotlar suvsimon, ta’mi past yoki o‘ziga xos metall ta’mli bo‘lishi mumkin. Nitratlar inson organizmiga tushgach, nitritlarga aylanishi mumkin. Bu esa qondagi gemoglobinning kislorod tashish qobiliyatini pasaytiradi va organizmda kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Shuningdek, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Mutaxassislar ayrim holatlarda nitratlardan hosil bo‘ladigan nitrozaminlar onkologik xavf omillaridan biri hisoblanishini ham ta’kidlaydi. Nitratlar miqdorini aniqlash maxsus laboratoriyalarda amalga oshiriladi. Bunda ionometriya, spektrofotometriya va xromatografiya kabi yuqori aniqlikka ega usullar qo‘llaniladi. Shu bilan birga, iste’molchilar ixtisoslashgan nitrat-testerlar yoki ekotesterlar yordamida mahsulotlardagi nitrat miqdorini taxminiy baholashlari mumkin. Tarvuz va qovun tanlashda bir qator muhim jihatlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Tarvuzning po‘stlog‘i butun, band qismi quruq bo‘lishi, yerda yotgan qismidagi dog‘ to‘q sariq tusda bo‘lishi maqsadga muvofiq. Pishgan tarvuz chertilganda bo‘g‘iq va chuqur ovoz chiqaradi. Qovun esa o‘ziga xos xushbo‘y hid taratishi, po‘stlog‘i qattiq va tashqi ko‘rinishi shikastlanmagan bo‘lishi lozim. Mutaxassislar mahsulotlarni faqat rasmiy savdo nuqtalari va dehqon bozorlaridan xarid qilishni tavsiya etadi. Kesilgan tarvuz va qovunlarni sotib olishdan saqlanish, mahsulotning laboratoriya tekshiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan qiziqish ham muhim ahamiyatga ega.
Xarid qilingan mahsulotlarni iste’mol qilishdan avval oqar suvda yaxshilab yuvish, kesish uchun ishlatiladigan anjomlarning tozaligiga rioya qilish zarur. Shuningdek, poliz mahsulotlarini me’yordan ortiq iste’mol qilmaslik, ayniqsa bolalarning ularni kattalar nazorati ostida iste’mol qilishi maqsadga muvofiq. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, joriy mavsumda tarvuz va qovunlarda nitratlar miqdorining belgilangan me’yordan oshgan holatlari aniqlanmagan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida bozorlar va savdo nuqtalarida profilaktik tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Sotuvchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari, davra suhbatlari tashkil etilib, veterinariya-sanitariya xizmati bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
