POLIZ EKINLARI: XAVFSIZLIGI VA SAQLASH QOIDALARI BO‘YICHA MUTAXASSIS BILAN SUHBAT
2026-06-10 16:00:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, yoz oylarida ichak infeksiyalari, oziq-ovqatdan zaharlanish holatlari va nitratlar bilan bog‘liq xavflar ko‘payishi kuzatiladi. Ko‘pchilik fuqarolarda “Qovun va tarvuzni qayerdan sotib olish kerak?”, “Kesilgan mahsulotni qancha vaqt saqlash mumkin?”, “Nitratlar inson salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?” kabi savollar tug‘iladi.
Shu munosabat bilan mazkur masala yuzasidan Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Oybarchin Atamuratova bilan suhbatlashdik.
Aytingchi, qovun va tarvuzlarni xarid qilishda qanday talablarga amal qilish lozim?
Qovun va tarvuzlar faqat rasmiy savdo nuqtalari, bozorlar hamda laboratoriya nazoratidan o‘tgan savdo ob’yektlaridan xarid qilinishi lozim. Avtomobil yo‘llari yoqasida, ruxsat etilmagan joylarda yoki hovlilarda sotilayotgan mahsulotlarni xarid qilish tavsiya etilmaydi. Chunki bunday mahsulotlar sanitariya-epidemiologik nazoratdan o‘tmagan bo‘lishi mumkin.
Qovun va tarvuzni iste’mol qilishdan oldin qanday gigiyenik qoidalarga rioya qilish kerak?
Qovun va tarvuzni kesishdan oldin uning tashqi yuzasini oqar suvda yaxshilab yuvish lozim. Aks holda, po‘stloq yuzasidagi mikroorganizmlar va ifloslantiruvchilar pichoq orqali mahsulotning iste’mol qilinadigan qismiga o‘tishi mumkin.
Shuningdek, kesilgan mahsulotni ochiq havoda uzoq vaqt qoldirmaslik kerak. Chunki xona haroratida mikroorganizmlar tez ko‘payib, mahsulotning xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qovun va tarvuzlarni saqlashning to‘g‘ri shartlari qanday?
Butun tarvuzlarni qisqa muddat saqlash uchun 3–4°С harorat va 80–85 foiz nisbiy namlik tavsiya etiladi. Qovun uchun esa 10–13°С harorat va 85–90 foiz nisbiy namlik eng maqbul hisoblanadi.
Kesilgan qovun va tarvuzni qanday saqlash kerak?
Kesilgan mahsulot:
- toza idishga joylashtirilishi;
- yopiq holda saqlanishi;
- 0–6°С haroratda muzlatkichga qo‘yilishi;
- imkoni boricha 24 soat ichida iste’mol qilinishi lozim.
Agar mahsulotda nordon ta’m, shilliqsimon qatlam yoki tashqi ko‘rinishida o‘zgarishlar paydo bo‘lsa, uni iste’mol qilish mumkin emas.
Nitratlar bo‘yicha xavfsizlik talablari qanday?
Nitratlar meva-sabzavotlarda ma’lum miqdorda uchrashi mumkin. Biroq ularning me’yordan ortiq bo‘lishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diradi.
Sanitariya qoida va gigiyena normativlariga ko‘ra qovunda nitratlarning ruxsat etilgan maksimal darajasi 90 mg NO3/kg dan, tarvuzda esa 60 mg NO3/kg dan oshmasligi lozim. Ushbu ko‘rsatkichlarning ortishi inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Shu sababli qovun va tarvuzlarni faqat laboratoriya nazoratidan o‘tgan savdo nuqtalaridan xarid qilish muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolar uchun asosiy tavsiyalaringiz qanday?
Eng muhimi, qovun va tarvuzlarni ishonchli savdo nuqtalaridan xarid qilish, iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish, kesilgan mahsulotni muzlatkichda saqlash va belgilangan muddatda iste’mol qilish lozim. Bu oddiy qoidalarga amal qilish orqali oziq-ovqatdan zaharlanish va turli infeksion kasalliklarning oldini olish mumkin.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
