FETP FRONTLINE “YAGONA SALOMATLIK” DASTURINING OLTINCHI KOGORTASI ISHTIROKCHILARIGA SERTIFIKATLAR TOPSHIRILDI
2026-06-09 14:10:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida “Yagona salomatlik” yondashuvi doirasida Asosiy darajadagi dala epidemiologiyasi dasturi — FETP Frontline’ning oltinchi kogortasi ishtirokchilariga sertifikatlarni topshirish bo‘yicha tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Dastur doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 18 nafar epidemiolog va epizootolog mutaxassisi uch oylik intensiv o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunladi.
O‘quv jarayonida ishtirokchilar epidemiologik nazorat, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, epidemiologik surishtiruvlar o‘tkazish hamda ilmiy dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Dasturning amaliy qismi doirasida sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmati mutaxassislari ilk bor yagona jamoa sifatida faoliyat yuritib, “Yagona salomatlik” tamoyilini amaliyotda qo‘lladilar. Bu esa zoonoz kasalliklarga qarshi kurashishda tarmoqlararo hamkorlikning samarali modelini namoyon etdi.
Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, AQShning O‘zbekistondagi Elchixonasi, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi UNICEF vakillari ishtirok etdi.
Mazkur dastur mamlakatimizda insonlar, hayvonlar va atrof-muhit salomatligi kesishgan nuqtada yuzaga keladigan xavflarni erta aniqlash va ularga tezkor javob qaytarish bo‘yicha mutaxassislar salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


