QURBON HAYITI MUNOSABATI BILAN SOG‘LOM OVQATLANISH VA OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI BORASIDAGI TAVSIYALAR
2026-05-26 13:20:00 / Yangiliklar

Qurbon hayiti milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan ulug‘ bayramlardan biri hisoblanadi. Ushbu qutlug‘ ayyomda oilalarimizda turli milliy taomlar tayyorlanib, mahallalarda bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Bayram kunlarida aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish hamda sog‘lom ovqatlanish qoidalariga amal qilish muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi barcha fuqarolardan quyidagi sanitariya-gigiyena talablariga amal qilishlarini so‘raydi:
• Taom tayyorlashda sifatli mahsulotlardan foydalaning. Faqat laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan va sifati kafolatlangan go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlatish lozim.
• Go‘sht va sut mahsulotlarini veterinariya nazoratidan o‘tgan holda xarid qiling. Bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari tomonidan tekshirilgan mahsulotlardan foydalanish tavsiya etiladi.
• Noma’lum shaxslardan mahsulot xarid qilmang. Ko‘cha-ko‘ylarda sotilayotgan, kelib chiqishi noma’lum mahsulotlar turli yuqumli kasalliklar va oziq-ovqatdan zaharlanish holatlariga sabab bo‘lishi mumkin.
• Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling. Taom tayyorlashda ishtirok etayotgan shaxslar toza kiyimda ishlashi, qo‘llarini muntazam yuvib turishi va sanitariya talablariga amal qilishi zarur.
• Qurbon hayitida go‘sht mahsulotlari ko‘proq iste’mol qilinadi. Oqsilga boy va yog‘li mahsulotlarni iste’mol qilganda, sabzavot va ko‘katlarni ham albatta ratsionga kiritishni unutmasligimiz kerak.
• Taomlarni toza va sanitariya talablariga javob beradigan sharoitda tayyorlang. Ish joylari, idish-tovoqlar va oshxona jihozlari doimo toza holda saqlanishi kerak.
• Tayyor ovqatlarni uzoq saqlamang. Tayyorlangan taomlarni imkoni boricha shu kuni iste’mol qilish, tez buziluvchi taomlarni esa 2 soat ichida tarqatish maqsadga muvofiq.
• Uy sharoitida tayyorlangan va xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlarni xarid qilmang. Ayniqsa tez buziluvchi salatlar, konservalar va kremli qandolat mahsulotlarini sotib olishda ehtiyotkor bo‘lish zarur.
Sog‘lom ovqatlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish orqali siz o‘zingiz, farzandlaringiz va mahalla ahlining salomatligini muhofaza qilishga hissa qo‘shgan bo‘lasiz.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
