“YAGONA SOG‘LIQ” YONDASHUVI DOIRASIDA NAZORAT VA CHORA-TADBIRLARNI KUCHAYTIRISH MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO ILMIY-AMALIY SEMINAR BO‘LIB O‘TDI
2026-05-20 18:10:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida quyidagi mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi:
“Epidemiologik nazorat tizimining ma’lumotlarini vizualizatsiya qilish vositasi joriy etish va “Yagona sog‘liq” dasturi doirasida o‘z vaqtidalik tahlilini o‘tkazish”
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) bilan hamkorlikda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi.
Seminar ishida O‘zbekiston Respublikasida zoonoz infeksiyalarning oldini olish va nazorat qilish sohasida faoliyat yurituvchi epidemiologlar, veterinariya mutaxassislari, laboratoriya xizmati xodimlari va tegishli idoralar vakillarini o‘z ichiga olgan milliy va mintaqaviy darajadagi 25 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.
Seminar AQSh CDC (Atlanta shahri) “Yagona sog‘liq” ofisining yetakchi ekspertlari – Greys Gorieka, Barbara Nust va Daun Blekbern tomonidan olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasida “Yagona sog‘liq” kontseptsiyasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, veterinariya xizmati va ekologik monitoring tizimining faol rivojlanishi sharoitida alohida dolzarblik kasb etmoqda. 2017-yildan boshlab mamlakatda tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlash, epidemiologik nazorat tizimini modernizatsiya qilish, sanitariya-epidemiologik xarakterdagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirish hamda zoonoz infeksiyalarni qo‘shgan holda yuqumli kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar doirasida sog‘liqni saqlash, veterinariya, ekologiya va favqulodda vaziyatlar sektorlari o‘rtasida muvofiqlashtirishni rivojlantirish, zamonaviy raqamli va tahliliy vositalarni joriy etish, shuningdek biologik xavfsizlik va jamoat salomatligi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yuzaga kelayotgan va yangidan paydo bo‘layotgan zoonoz kasalliklar aholi salomatligi, hayvonlar va atrof-muhitga jiddiy xavf tug‘rib, ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi bir qator zoonoz infeksiyalarning, jumladan brutsellyoz va boshqa alohida ahamiyatga ega kasalliklarning yuqori yuki bilan barqaror ravishda kurashib kelmoqda.
Bunday tahdidlarga samarali javob berish “Yagona sog‘liq” kontseptsiyasi doirasida sog‘liqni saqlash tizimi, veterinariya xizmati, ekologiya sektori va boshqa manfaatdor idoralarning yaqin hamkorligini nazarda tutuvchi o‘z vaqtida va muvofiqlashtirilgan tarmoqlararo yondashuvni talab qiladi.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan brutsellyoz avj olishi misolida chora-tadbirlarning o‘z vaqtidaligi tahlili o‘tkazildi, mavjud “tor joylar” va chora-tadbirlar samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar aniqlandi, shuningdek tezkorlikning asosiy ko‘rsatkichlarini qo‘llash imkoniyatlari baholandi. Bundan tashqari, “Yagona sog‘liq” tarmoqlararo yondashuvidan foydalangan holda brutsellyoz holatlarining oldini olish, nazorat qilish va ularga javob berish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qisqa muddatli va uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Alohida e’tibor epidemiologik nazorat tizimining ma’lumotlarini vizualizatsiya qilish vositalarini joriy etish hamda odam, hayvonlar va atrof-muhit o‘zaro ta’siri kesimida zoonoz va boshqa yuqumli kasalliklarning avj olishini aniqlash, monitoring qilish va ularga javob berish samaradorligini oshirish uchun tahliliy yondashuvlardan foydalanish masalalariga qaratildi.
Seminar yakunlari bo‘yicha ishtirok etuvchi sektorlarning har biri uchun amaliy tavsiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasida zoonoz tahdidlarga javob berish samaradorligini oshirish va idoralararo muvofiqlashtirishni yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan batafsil analitik hisobot tayyorlanadi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


