PANDEMIYA SHAROITIDA HARAKATLAR MILLIY REJASINI TAKOMILLASHTIRISH BO’YICHA SEMINAR
2026-05-13 17:25:00 / Yangiliklar

2026-yil 12- 13-may kunlari Toshkent shahridagi Afrosiyob Regency Hotel mehmonxonasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkillashtirilgan “Pandemiya sharoitida harakatlar Milliy rejasini ishlab chiqishni yakunlash, va PanPRET simulyasiya mashqlarini o‘tkazish” mavzusida 2 kunlik seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanepidqo‘mita, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar, Bojxona qo‘mitasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.
Milliy rejaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining respirator kasalliklar pandemiyalariga tayyorgarligini oshirish hamda kasallanish, o‘lim holatlari va ijtimoiy-iqtisodiy zararni kamaytirishga qaratilgan kompleks idoralararo chora-tadbirlarni ta’minlash, shuningdek Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarining asosiy talablariga muvofiq samarali javob choralarini amalga oshirishdan iboratdir.
Birinchi kun 8 ta favqulotda vaziyat ssenariylari bo‘yicha xavf yuzaga kelgan vaqtda ma’lumotlar uzatish mexanizmlari bo‘yicha keng ko‘lamli PanPRET simulyasiya mashqlari bajarildi. Ishtirokchilar fasilitatorlar rahbarligida kasalliklarning tarqalishini cheklash choralarini simulyasiya qilishdi hamda kasallik avj olishini cheklash va oqibatlarni minimallashtirish protokollarini ko‘rib chiqishdi.
Seminarning birinchi kuni mutaxassislar ishtirokida qiziqarli savol-javoblar bilan yakunlandi.
Ikkinchi kun natijalarni fasilitatorlar bilan real vaqt rejimida muhokama qilish bilan boshlandi. Simulyasiya mashqlaridan olingan saboqlarni hisobga olgan holda mavjud Milliy pandemiyaga tayyorgarlik rejasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berildi.
Seminarning ikkinchi kuni ham mutaxassislar ishtirokida qiziqarli savol-javoblar bilan yakunlandi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee




