IJTIMOIY TARMOQLARDAGI VAHIMALARGA ASOS BORMI? XANTAVIRUS HAQIDA MUTAXASSIS JAVOBI
2026-05-12 22:50:00 / Yangiliklar

Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda xantavirus haqida turli xabarlar tarqaldi. Ushbu mavzuda aholini qiziqtirgan barcha savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Farhod Qurbonbekov bilan suhbatlashdik.
Daslab xantavirus haqida ma'lumot bersangiz.
Xantaviruslar kemiruvchilar (sichqonlar, kalamushlar) tomonidan tashiladigan xavfli viruslar guruhi boʻlib, ular odamlarda turli xil klinik sindromlar, jumladan, ogʻir asoratlar va oʻlimga olib kelishi mumkin.
And xantavirusi (Andes): bu odamga yuqishi mumkin boʻlgan yagona ma'lum shtamm. U asosan Janubiy Amerikada (Argentina, Chili) tarqalgan.
Qanday yoʻllar bilan yuqadi?
Kasallik kemiruvchilar chiqindilarini (najas, siydik, soʻlak) oʻz ichiga olgan chang orqali nafas olganda sodir boʻladi. Yashirin davri: 2 haftadan 6 haftagacha davom etadi (kamdan-kam hollarda 42 kungacha).
Asosiy alomatlari qanday?
Kasallik koʻpincha oddiy shamollash kabi boshlanadi:
• haroratning keskin koʻtarilishi va titroq;
• kuchli bosh ogʻrigʻi va tana ogʻriqlari;
• mushak ogʻrigʻi;
• holsizlik;
• bosh aylanishi;
• koʻngil aynishi;
• qusish;
• keyinchalik qorin ogʻrigʻi va buyrak yetishmovchiligi.
Oldini olish choralari qanday?
Xantavirusga qarshi maxsus vaksina yoki davolash protokoli mavjud emas, davolash faqat simptomlarni yengillashtirishga qaratilgan. Shuning uchun quyidagi qoidalarga amal qilish muhimdir:
• yashash va ish joylarini (xususan, omborxonalarni) muntazam ravishda shamollatib turish;
• kemiruvchilar qoldiqlarini supurishdan avval dezinfeksiya qiluvchi vositalar yoki suv bilan namlash;
• nafas olish yoʻllarini himoya qilish;
• changli joylarda (garajlar, chordoqlar) ishlayotganda, niqob yoki respirator taqish;
• oziq-ovqat mahsulotlarini kemiruvchilar yeta olmaydigan yopiq idishlarda saqlash;
• shaxsiy gigiena qoidalariga, xususan, ovqatlanishdan oldin qoʻllarni sovunlab yuvishga qat'iy rioya qilish.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga koʻra, bu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas hamda mutaxassislar fikricha, global pandemiyani yuzaga keltirmaydi.
Mamlakatimizda xantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Respublika boʻylab chegara punktlarida va sanitariya xizmatlari tomonidan virusologik monitoring ishlari qat'iy olib borilmoqda.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
