JAMOAT SALOMATLIGI SOHASIDA FAVQULODDA VAZIYATLARDA HARAKAT QILISH TIZIMINI MUSTAHKAMLASH BO‘YICHA SEMINAR
2026-05-06 10:00:00 / Yangiliklar

Buxoro shahrida Sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlarda harakatlarni strategik va tezkor rejalashtirish bo‘yicha huquqiy tartibga solish masalalariga bag’ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) tomonidan tashkil etildi.
Mazkur seminarda sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarga javob berish tizimiga jalb etilgan asosiy davlat tuzilmalarining mutaxassislari: Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish milliy qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu seminar sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlarga javob berishni muvofiqlashtirish va rejalashtirishning huquqiy asoslarini har tomonlama mustahkamlash uchun o‘ziga xos platforma bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilar favqulodda vaziyatlarga javob berishni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilikni birgalikda batafsil tahlil qildilar hamda uni xalqaro huquqiy normalar, shu jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari (XTSQ) talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdilar.
Seminar yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimida tezkor javob berish tizimini kuchaytirishga qaratilgan besh yillik rejaning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Mazkur yo‘nalishlar standart operatsion jarayonlarni (SOJ) yangilash, Favqulodda vaziyatlarda tezkor javob berish markazlari mutaxassislarining salohiyatini oshirish, javob berish rejalarini ishlab chiqish, manfaatdor tomonlar bazasini shakllantirish hamda XTSQ bo‘yicha majburiyatlarni bajarish doirasida idoralararo muvofiqlashtirishni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


