20–25-APREL BUTUNJAHON IMMUNIZATSIYA HAFTALIGI
2026-04-24 16:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 23- aprel kuni Toshkent shahridagi Courtyard by Marriott Tashkent mehmonxonasida Butunjahon immunizatsiya haftaligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Sanepidqo‘mita mutaxassislari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa va O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Emlash — yuqumli kasalliklardan himoyalanishning oddiy, xavfsiz va samarali usulidir. Zamonaviy-innovasion tibbiyot hozirga qadar kasalliklarning oldini olishda emlash (vaksinatsiya)dan ko‘ra samaraliroq vositaga ega emas. Bugungi kunda emlash 30 dan ortiq xavfli yuqumli kasalliklardan (sil, gripp, difteriya, qizamiq, qoqshol, ko‘k yo‘tal, qizilcha, gepatit В, gepatit A, malyariya, pnevmakok, rotavirus, bakterial meningit, meingokokk ensefaliti va boshqalar) himoya qilishning yagona ishonchli usuli hisoblanadi.
Vaksinalar bo‘lmaganda xavfli infeksiyalar epidemiyasi butun dunyoda jadal tarqalib, avj olgan bo‘lar edi.
Vaksinalar inson tanasining tabiiy himoya tizimlari-immunitet bilan o‘zaro ta’sir qilish orqali kasalliklarni yuqtirish xavfini kamaytiradi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, emlash har yili 2,5 million bolani o‘limdan qutqaradi, ya’ni soatiga taxminan 285 ta bolani umrini saqlab qoladi.
Mamlakatimizda 2000 yilgacha bolalar atigi 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan bo‘lsa, bugungi kunda yurtimizda bolalarni rejali ravishda 13 turdagi yuqumli kasalliklar — gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiyasi, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, XIB-infeksiyasi, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk, odam papilloma virusiga qarshi vaksinalar bilan emlash o‘tkaziladi.
Emlash tufayli millionlab insonlar hayoti saqlab qolindi va so‘nggi 50 yil ichida dunyo bo‘yicha chaqaloqlar o‘limi 40 foizga kamayishiga erishildi. Yevropa mintaqasida yuqori emlash qamrovi tufayli barcha 53 mamlakat poliomiyelitdan xoli xudud maqomini saqlab kelmoqda hamda qizamiq, qizilcha va gepatit B kasalliklariga qarshi emlash samarasida kasallikni kamayishiga erishildi. Difteriya va chaqaloqlar qoqsholi tugatildi. Shuningdek, bolalarni pnevmoniya va rotavirus infeksiyasidan himoya qilish uchun vaksinalar milliy emlash jadvaliga kiritildi. Dunyoni ko‘plab davlatlarida inson papilloma virusiga qarshi o‘smir yoshdagi qiz bolalarni emlash samarasida bachadon bo‘yni saratoni kasalligini bir necha marotabaga kamayishiga erishilmoqda.
Aholini gripp, pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash samarasida ushbu kasalliklarni og‘ir asoratlari bilan shifoxonaga yotqizish xavfi kamaydi.
Immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi tufayli 1996 yildan buyon yurtimizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002 yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud” sertifikatini olishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, 2024 yil JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tomonidan yurtimizda virusli gepatitning V turi sifatli emlash natijasida eliminatsiya qilinganligi bo‘yicha sertifikat berildi.
O‘zbekistonda 2026 yil 2 fevraldan 14 fevralgacha keng ko‘lamli "Qizamiqqa qarshi ommaviy emlash haftaligi" bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir doirasida 6 oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar,1 yoshdan 7 yoshgacha emlanmagan yoki faqat bir marta emlangan bolalar va 30 yoshgacha bo‘lgan katta yoshdagilar emlandi.
Emlashning ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish, emlashdan teng ravishda foydalanishni ta’minlash va barcha yoshdagi odamlarni yuqumli kasalliklardan himoya qilish maqsadida har yili aprel oyining oxirida Butunjahon immunizatsiya haftaligi o‘tkaziladi. Ushbu tashabbus qizamiq, difteriya, ko‘kyo‘tal va qoqsholdan millionlab o‘limlarning oldini oladi. Immunizatsiya haftaligini o‘tkazishdan asosiy maqsad:
• emlashning zarurligi va xavfsizligi haqida aholini xabardor qilish;
• har yili 2 milliondan 5 milliongacha odam hayotini saqlab qolishda eng samarali usul sifatida emlashning rolini ta’kidlash;
• jamiyatni himoya qilish uchun jamoaviy harakatlarning zarurligini keng targ‘ib qilish.
Yevropa emlash haftaligi ilk bor 2007-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasidagi 53 ta mamlakatda joriy etilgan bo‘lib, uning maqsadi har bir bolani emlash natijasida yuqumli kasallikdan himoyalanish huquqini ta’minlaydi. Shundan buyon ushbu emlashlar bilan nafaqat bolalar, balki o‘smirlar, kattalar va keksalar ham qamrab olinmoqda.
Mamlakatimizda 2026-yil 20–25-aprel kunlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda YUNISEF bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan Yevropa emlash haftaligi — "Vaksinalar har bir avlod uchun natija bermoqda" shiori ostida o‘tkaziladi.
"Emlash haftaligi" davomida butun mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalarida emlanmagan fuqarolarni qamrab olishga qaratilgan "tozalovchi" emlash ishlari olib boriladi.
Eng muhimi, mamlakatimizda vaksinalarning sifati va samaradorligi xalqaro standartlar asosida olib boriladi, uning monitoringi barcha sog‘liqni saqlash muassasalarida yuqori darajada ta’minlangan.
Har bir bola sog‘lom hayot boshlashga loyiq ekanligi, emlanishi va infeksiyalardan himoyalanishi kerakligi haqidagi ishonchni har bir ota-onaga yetkazish zarur va bu Yevropa immunizatsiya haftaligining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Emlashni rad etish orqali siz o‘zingizni va farzandlaringizni salomatlik huquqidan mahrum qilishingiz mumkin.
Vaksina nafaqat o‘zingizni, balki atrofdagilarni ham himoya qiladi. Agar ko‘pchilik (aholining 90-95%) emlangan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan kollektiv immunitet hosil bo‘ladi. Demak, millatning salomatligi har bir shaxsning tanloviga bog‘liq.
Boshqariladigan infeksiyalarga qarshi aholini emlash Sog‘liqni saqlash vazirligining barcha davolash-profilaktika muassasalarida bepul amalga oshiriladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee



