BRIFING: “KASB KASALLIKLARINI OLDINI OLISHDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR”
2026-04-21 10:05:00 / Yangiliklar

Kasb kasalliklarini profilaktika qilish va erta tashxislash usullaridan biri majburiy profilaktik tibbiy ko‘riklar bo‘lib, ular kasalliklarning 90 foizini erta bosqichda aniqlash imkonini beradi. 2025- yil tahlillariga ko‘ra kasb kasalliklarining umumiy soni tarkibida qo‘rg‘oshindan zaharlanish, simobdan o‘tkir va surunkali zaharlanish holatlari ma’lum darajada kamaygani, aksincha LOR a’zolari kasalliklari biroz oshgani kuzatilmoqda ya’ni:
• LOR a’zolari kasalliklari 20,0%;
• kasbiy bronxitlar 16%;
• vibratsiya kasalligi 8,0%;
• pestisidlardan zaharlanish 13% tashkil etdi.
Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti qoshida faoliyat olib borayotgan Kasb kasalliklari klinikasi respublikadagi yagona ixtisoslashtirilgan klinika bo‘lib, 100 o‘ringa ega. Unda har yili respublikaning barcha hududlaridan 3 mingdan ortiq bemor davolanish va reabilitatsiya bilan qamrab olinadi. Ular zararli va xavfli omillar ta’sirida faoliyat olib borgan 80 dan ortiq asosiy ishlab chiqarish korxonalarining ishchilaridir.
2025 yilda birlamchi kasb kasalligi tashxisi qo‘yilgan bemorlar soni 100 nafarni tashkil qildi.
Bugungi kunda respublikamizda 4330 nafar bemor kasb kasalliklari bo‘yicha dispanser nazoratida turadi.
Kasb kasalliklarini profilaktika qilishning yangi uslublarini ishlab chiqish maqsadida 2025 yilda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda UZINFOCOM tashkiloti bilan hamkorlikda “Elektron tibbiy ko‘rik” tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etilmoqda.
Shuningdek institut ilmiy xodimlari tomonidan kasb kasalliklari profilaktikasi yo‘nalishida qator ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Jumladan, “Gaz-kimyo sanoati ishchi-xodimlarining mehnat sharoitlarini gigiyenik baholash va davo-profilaktik ovqatlanishni takomillashtirish”, “Tog‘-kon sanoatida mehnat gigiyenasi, kasbiy koxlear nevritda syerebral o‘zgarishlarni davolash va profilaktika usullarini ishlab chiqish”, “Tebranishning tog‘-kon sanoati xodimlari organizmiga ta’sirini keng qamrovli tahlil qilish va davolash-profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish”, “Yer osti konlarida mehnat sharoitlarini gigiyenik baholash va ishchilarda yurak-qon tomir kasalliklarining profilaktik choralarini ishlab chiqish” mavzularida tadqiqotlar olib borildi hamda ushbu mavzular bo‘yicha dissertatsiya ishlari himoya qilindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, kasb kasalligi tasdiqlangan bemorlar Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti klinikasida dispanser nazoratida turadi. Ular davlat tomonidan himoyalangan bemorlar guruhiga kiradi va klinikada har yili bepul davolanish, tekshirish va reabilitatsiya huquqiga ega.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
