OIV INFEKSIYASINI OLDINI OLISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-04-17 16:50:00 / Yangiliklar

Bugun Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida videokonferensaloqa (VKA) orqali navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xushnud Jalilov hamda Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori Bahrom Egamberdiyev ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 29 fevraldagi 64-son buyrug‘i ijrosi — davolash-profilaktika muassasalarida OIV infeksiyasining shifoxona ichida tarqalishini oldini olish holati muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan markaz mutaxassisi Barno Xodjanova tomonidan axborot berildi.
Shuningdek, OITS va OIVga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalarni joriy etishning ahamiyati ta’kidlandi. Qayd etilganidek, markazda joriy etilgan yagona elektron axborot tizimi natijasida raqamlashtirish darajasi 90 foizga yetgan. Tizim orqali bemorlarni ro‘yxatga olish, dispanser nazorati, laborator tashxis va dori vositalari ta’minoti kabi jarayonlar to‘liq avtomatlashtirilgan.
Yig‘ilish davomida elektron resept tizimini joriy etish, “Haj–2026” mavsumiga boradigan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda viloyat hokimi raisligidagi kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida sohada profilaktik choralarni kuchaytirish va raqamlashtirish jarayonlarini yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


