QULUPNAYNI ISTE’MOL QILISHDAN OLDIN ZARARSIZLANTIRISH ZARUR
2026-04-15 16:45:00 / Yangiliklar

Qulupnay — mazali va foydali meva bo‘lib, u vitaminlar, ayniqsa С vitaminiga boyligi bilan ajralib turadi. U organizm immunitetini mustahkamlashga, terining sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi. Biroq qulupnay yetishtirish jarayonida turli xil kimyoviy moddalar, chang va mikroorganizmlar bilan ifloslanishi mumkin. Shuning uchun uni iste’mol qilishdan oldin to‘g‘ri zararsizlantirish juda muhim hisoblanadi. Agar qulupnay yaxshi tozalanmasa, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, qulupnay yuzasi nozik va g‘adir-budur bo‘lgani uchun u chang, bakteriya va hatto parazitlarni oson ushlab qoladi. Ayniqsa, ochiq bozorlarda sotiladigan qulupnaylarda gigiyena talablariga har doim ham to‘liq rioya qilinmasligi mumkin.
Qulupnayni yuvmasdan iste’mol qilish nimalarga olib keladi?
Qulupnay mazali va foydali meva bo‘lsa-da, uni yuvmasdan iste’mol qilish salomatlik uchun muayyan xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Bular:
Kimyoviy moddalarning organizmga tushishi – qulupnay yetishtirish jarayonida ko‘pincha pestisidlar va o‘g‘itlar ishlatiladi. Agar meva yaxshilab yuvilmasa, bu moddalar uning yuzasida saqlanib qoladi va organizmga tushadi. Bu esa uzoq muddatda zaharlanish yoki allergik reaksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Bakteriya va viruslar xavfi – yuvilmagan qulupnayda turli xil zararli mikroorganizmlar — bakteriyalar va viruslar bo‘lishi mumkin. Ular ichak infeksiyalari, ovqatdan zaharlanish kabi holatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Parazitlar bilan zararlanish ehtimoli – qulupnay yerga yaqin o‘sadi, shuning uchun uning yuzasiga tuproq orqali parazitlar yoki ularning tuxumlari tushishi mumkin. Yuvmasdan iste’mol qilish bunday xavflarni oshiradi.
Chang va tashqi ifloslanishlar – bozorlarda sotiladigan qulupnaylar tashish va saqlash jarayonida chang va boshqa ifloslanishlarga duch keladi. Bu moddalarni yuvmasdan iste’mol qilish organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qulupnayni zararsizlantirish uchun bir nechta oddiy usullar mavjud:
Zararkunandalar rezavorlarga mahkam yopishgani uchun jo‘mrak ostida muntazam chayish yetarli emas. Quyidagi tartibda zararsizlantirish maqsadga muvofiq:
- avval sovuq oqar suvda yaxshilab yuvish;
- so‘ngra 1 litr suvga 1 osh qoshiq sirka yoki choy sodasi qo‘shib, qulupnayni 10-15 daqiqa ushlab turish;
- keyin yana toza suvda chayib tashlash kerak.
Bu usullar nafaqat bakteriyalarni va parazitlar tuxumlarini, balki kimyoviy qoldiqlarni ham ma’lum darajada yo‘qotishga yordam beradi.
Qulupnay foydali va lazzatli meva bo‘lishiga qaramasdan, uni iste’mol qilishdan oldin zararsizlantirish juda muhimdir. Oddiy yuvish va tabiiy vositalardan foydalanish orqali inson o‘z salomatligini himoya qilishi mumkin. Shuning uchun har bir kishi oziq-ovqat mahsulotlarini, xususan qulupnayni, to‘g‘ri iste’mol qilishga e’tibor qaratishi lozim.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
