GAZLI SHIRIN ICHIMLIKLAR ISTE’MOLINI SEVUVCHILARNING 80 FOIZIDA QANDLI DIABET ORTTIRISH EHTIMOLI YUQORI BO‘LADI
2026-03-31 17:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda rangli gazli ichimliklar deyarli har bir xonadonga kirib kelgan. Do‘kon rastalarida turli xil rang va ta’mdagi ichimliklar ko‘zga tashlanadi, ularni ayniqsa yoshlar hamda bolalar sevib iste’mol qiladilar. Ammo ularning mazali va chiroyli ko‘rinishi ortida sog‘liq uchun qanday ta’sirlar yashiringan? Nima uchun bu ichimliklar qondagi shakar miqdorini oshiradi? Bu ichimliklar organizmning qaysi tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi? Aholini qiziqtirgan shu kabi savollar bilan Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Aqida Nosirova bilan suhbatlashdik.
Nima sababdan inson organizmi uchun suv muhim hisoblanadi?
Inson tanasidagi suv miqdori 45-75%ni tashkil etgani sababli yetarli miqdorda suv ichish organizm uchun muhimdir, ammo ko‘pchilik tanadagi suv balansini muvozanatda ushlamaydi. Toza suv tanadagi suyuqlik yetishmasligini to‘ldiradi, kasalliklarni yengishda ko‘maklashadi. Qahva, gazli suv, shakarli sharbat kabi ba’zi shirin ichimliklar esa, aksincha, zararli bo‘lishi mumkin.
Tabiiy gazlangan suvlar ilgari qanday maqsadlarda ishlatilgan?
Tabiiy gazlangan suvlar qadim zamonlardan ma’lum bo‘lib, tabiblar ulardan davolash maqsadlarida foydalanib kelishgan. ⅩⅧ asrda mineral suvlar shisha idishlarga quyilib, sotila boshlandi. Biroq, u ancha qimmat bo‘lib, qolaversa, juda tez o‘zgarar edi. Shu boisdan ham, keyinchalik, bu suvlarni sun’iy ravishda gazlashtirishgan.
Gazlangan shirin ichimliklaar tanani elektrolitlar bilan boyitadi. Shu tufayli ularni mutlaq zararli deb bo‘lmaydi.
Gazlangan ichimliklar tarkibiga qanday moddalar kiradi?
Karbonat angidrid konservant hisoblanadi va qadoqlarda Е290 sifatida belgilanadi. Gazlangan ichimliklar tarkibiga kiruvchi natriy benzoat oziq-ovqat mahsulotlarida konservant sifatida qo‘llaniladi. Natriy tarkibli konservantlar organizmdagi kaliy miqdorini kamaytiradi. Shirin gazlangan ichimliklar tarkibidagi shakar va kislota esa, tish emal qatlamini parchalaydi. Kariyes tish ildizi, negizi va asab tolasiga yetganida tish parchalanadi.
Aksariyat shirin gazlangan ichimliklar tarkibida makkajo‘xori siropi ko‘p miqdorda bo‘lib, u ikkinchi tipdagi qandli diabet yoki yurak bilan bog‘liq xastaliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lishi mumkin. Gazli shirin ichimliklar iste’molini sevuvchilarning 80 foizida qandli diabetni orttirishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Gazlangan shirin ichimliklar tarkibida fosfor kislotasi ham bo‘ladimi?
Ha, kuchli gazlangan shirin ichimliklar katta miqdorda fosfor kislotasini ham o‘zida saqlaydi. Bu kislota buyrakda tosh paydo bo‘lishi, suyak bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Bu kislota ta’sirida suyaklar mo‘rtlashadi va osteoporoz rivojlantirishi mumkin. Peshob bilan tanadan chiqqan fosfor kislotasi o‘zi bilan kalsiy va boshqa foydali minerallarni olib chiqadi.
Gazli ichimliklar semirishga qanday ta’sir qiladi?
Semirish va shirin gazli ichimliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik turli testlar va sinovlar natijasida allaqachon isbotini topgan. Bir stakan shirin gazli ichimlik ichgach, qon tarkibidagi shakar miqdori oshadi, jigar esa uglevodlarni yog‘ga aylantiradi.
Shu o‘rinda energetik ichimliklar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz, ular tarkibidagi kofein miqdori nima uchun xavfli?
Darhaqiqat, alkogolsiz quvvat ichimliklari unchalik ham xavotirli emasdek tuyuladi. Chunki tarkibida kofein, shakar, ta’m beruvchi qo‘shimchalar va vitaminlar bor. Biroq, ichimlik xavfi ushbu moddalarning konsentratsiyasidadir. 300 millilitrli ichimlikda ko‘p miqdorda, aniqroq aytganda, 7 finjon qahvadagidek kofein bo‘ladi, bu asab tizimi, yurak-tomir tizimiga jiddiy zarba hisoblanadi. Bundan tashqari, ular tarkibida ko‘mir kislotasi bo‘lgan kuchli gazlangan ichimlik hamdir. Yana bir jihatni ham tan olish kerakki, kuchli gazlangan ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar xavfsiz iste’mol miqdorini ham yorliqlarda ma’lum qilishadi. Lekin, iste’molchilar, tabiiyki, bunga amal qilmaydi.
O‘zbekistonda kimlar ko‘proq gazli ichimlik iste’mol qiladi?
Yevropa Komissiyasi va Oziq-ovqat bo‘yicha tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda erkaklar ayollarga nisbatan ko‘proq alkogolsiz gazli ichimliklarni iste’mol qiladi (mos ravishda 62% va 44%), lekin ayollar orasida erkaklarga nisbatan semirish holatlari ko‘p uchraydi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida ichimliklardagi shakarga yangi soliqni (aksiz markasi) joriy etish, avvalo, semirish va qandli diabet kasalliklarining sabablarini aniqlovchi ilmiy tahlil va tadqiqot o‘tkazishni talab qiladi.
Ichimliklar tarkibi qanday hujjatlar asosida tartibga solinadi?
Gazli shirin ichimliklar tarkibiga kiruvchi buyoqlar, shirinlashtiruvchi moddalar, aromatizatorlarning me’yorlari Adliya vazirligi tomondan ro‘yhatga olingan 2026 yildan kuchga kirgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan ”Oziq-ovqat qo‘shimchalariga va ulardan foydalanishga hamda oziq-ovqat qo‘shimchalarini tamg‘alashga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari” 0098-25-son SanQvaN da belgilab qo‘yilgan.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
