QO‘L YUVISHNI UNUTMANG — GEPATIT A dan SAQLANING
2026-03-27 17:30:00 / Yangiliklar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra bugungi kunda inson salomatligiga tahdid solayotgan yuqumli kasalliklar orasida gepatit A alohida o‘rin tutadi. Kasallik asosan ifloslangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishi haqida eshitganmiz.
Gepatit kasalligining kelib chiqishi, asosiy sabablari, asoratlari va oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Zulfiya Giyosova bilan suhbat tashkil etdik.
Virusli gepatitning “A” turi qanday kasallik ekanligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
Virusli gepatit A o‘tkir virusli yuqumli kasallik bo‘lib, asosan maishiy-muloqot yo‘li iflos qo‘llar, ifloslangan ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi. Kasallik asosan bolalar o‘rtasida ko‘proq uchraydi. Respublikamiz virusli gepatitlar bo‘yicha endemik zona bo‘lib, virusli gepatit Aning epidemik ko‘tarilishlari har 3-4 yilda kuzatilib turadi.
Kasallikni asosiy sabablariga nimalar kiradi?
Kasallikni asosiy sabablariga quyidagilar kiradi:
• infeksiyani yetakchi yuqish omili muloqot yo‘li bilan tarqalishi muhim hisoblanganligi sababli, patronaj xizmati orqali faol aniqlanmasligi, bemorlarni shifokorlarga kechikib murojaat qilishi, kasallik o‘sgan aholi yashash xonadonlarida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish uchun ichimlik suvi ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi;
• virusli gepatit A kasalligini yuqori ko‘rsatkichi 4-6 yoshdagi uyushmagan bolalar ulushiga to‘g‘ri kelganligi sababli ham, xonadonlarda yosh onalarni gepatit “A” kasalligi bo‘yicha sanitariya madaniyatini yetarli emasligi, aksariyat xonadonlarda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etilmasligi;
• virusli gepatit A kasalligi qayd qilingan maktablarni yangi o‘quv yili oldidan sanitariya-texnik holatini to‘liq o‘rganilmasligi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmasligi;
• maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablarida ertalabki filtrlarni to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi, guruhlarga qabul qilishda bolalar sonini sanitariya me’yorlariga ko‘ra qabul qilinmasligi, ushbu muassasalarda namli tozalov ishlarini muntazam olib borilmasligi, kuz-qish mavsumida xonalarni yetarlicha shamollatilmasligi, yuqumli kasallikka gumon qilingan bolalarni alohidalash uchun izolyator tashkil qilinmaganligi, oshxona va xojatxona oldida qo‘l yuvish uchun to‘liq sharoit yaratilmaganligi.
Belgilari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
Belgilari odatda quyidagilar:
* holsizlik va charchoq;
* isitma
* qorin og‘rig‘i;
* ko‘ngil aynishi;
* sariqlik (ko‘z va teri sarg‘ayishi);
* peshob rangining to‘qarishi.
Kasallikdan keyingiasoratlari qanday?
Virusli gepatit A - surunkali gepatit, jigar sirrozi va jigar saratoni shaklidagi asoratlarni keltirib chiqarmaydigan o‘tkir yuqumli kasallikdir. Gepatit A turi unchalik og‘ir kasallik hisoblanmaydi va salomatlik uchun katta xavf tug‘dirmaydi. Ya’ni gepatitning bu turlari surunkali holatga o‘tib ketmaydi. Ammo kasallik o‘tkir holda kechishi kuzatilishi mumkin, ya’ni bemorlarda o‘tkir jigar yetishmovchiligining rivojlanishi, xolesistit (o‘t pufagining yallig‘lanishi), xolangit (o‘t yo‘llarining yallig‘lanishi) kabi asoratlari kuzatilishi mumkin.
Kasallikni oldini olish chora-tadbirlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
1. Ovqatlanishdan oldin va hojatdan keyin qo‘llarni albatta sovunlab yuvish.
2. Aholi yashash xududlarida aholini xavfsiz va toza ichimlik suvidan foydalanish choralarini ko‘rish.
3. Aholi xonadonlarida fuqarolarni yuqumli kasalliklar bo‘yicha sanitariya madaniyatini oshirish, yangi o‘quv yili oldidan maktablarning sanitariya-texnik holatini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish, ertalabki filtrlarni muntazam o‘tkazish, guruh va sinflarda bolalar sonini sanitariya me’yorlari talablariga ko‘ra qabul qilinishini ta’minlash.
4. Ta’lim muassasalarida kunlik namli tozalov va xonalarni shamollatish ishlarini doimiy amalga oshirish, dezinfeksiya vositalaridan foydalanish va zahirasini yaratish.
5. Aholi orasida yuqumli kasalliklarni faol aniqlash maqsadida birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan aholiga patronaj xizmatini kuchaytirish.
6. Umumiy ovqatlanish joylarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat ishlarini yo‘lga qo‘yish.
7. Virusli gepatit A kasalligiga qarshi vaksinani milliy emlash kalendariga kiritish yoki xisob kitoblarga ko‘ra hududiy mahalliy byudjet hisobidan virusli gepatit A vaksinasi sotib olib emlashni tashkil etish.
Respublikada emlash taqvimi asosida 13 xil turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlash ishlari olib boriladi. Ushbu emlashlar bepul va majburiy bo‘lib xisoblanadi. Rejali emlash taqvimiga asosan yuqumli kasallikni tez yuqishi va yosh bolalar orasida o‘lim holatlarini oldini olish imkoni yuqori bo‘lgan infeksiyalar kiradi.
Virusli gepatit A ga qarshi emlash Sog‘liqni saqlash vazirligining normativ hujjatlariga binoan epidemik ko‘rsatma asosida o‘tkaziladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
