NOTO‘GʻRI TANLANGAN QO‘ZIQORIN — SALOMATLIKKA JIDDIY TAHDID
2026-03-25 17:35:00 / Yangiliklar

Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlarni qanday ajratish mumkin? Qo‘ziqorindan zaharlanishning belgilari qanday bo‘ladi? Qaynatish orqali qo‘ziqorin zaharini zararsizlantirish mumkinmi? Shu kabi aholini qiziqtirgan savollar bilan Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov bilan suhbatlashdik.
Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlarni qanday ajratish mumkin?
Darhaqiqat, iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni bir-biridan ajratish murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshaydi. Oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinon va opyonok turlari iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlardir. Zaharli (qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin)larni iste’mol qilganda, tuzlangan yoki marinovka qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda zaharlanish ro‘y beradi.
Qo‘ziqorinlarning ozuqаviy qiymati qanday?
Qo‘ziqorinlar bizning ovqatlanish rasionimizga xilma-xillik kiritadigan va tanani turli xil ozuqa moddalari bilan boyitadigan qimmatli ozuqaviy mahsulotdir. Qo‘ziqorinlarning barcha turlari ovqat hazm qilishni yaxshilaydigan, qondagi glyukoza miqdorini kamaytiradigan kletchatkani o‘z ichiga oladi. Qo‘ziqorinlar tarkibida inson organizmida kalsiy va fosfor almashinuvini tartibga soluvchi, shuningdek, immunitetga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va ayniqsa kuz-qish mavsumida yetishmaydigan D vitamini mavjud. Shuningdek, qo‘ziqorinlar tarkibida B guruhi vitaminlari shuningdek, asab va reproduktiv tizimlarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan va yurak-qon tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan B3 vitamini mavjud. Qo‘ziqorin qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. Shuningdek, qandli diabet bilan og‘rigan kishilarga foydali.
Ba’zan avtomagistral yo‘l yoqalaridan qo‘ziqorinlarni terib sotayotgan kishilarga ko‘zimiz tushadi, bu to‘g‘rimi?
Tibbiyotdagi ko‘p yillik kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda, avtomagistral yo‘l yoqalaridan, aeroportlar, yoqilg‘i-moy saqlash muassasalari hududlaridan, zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalar atroflaridan terib iste’mol qilingan qo‘ziqorinlar bilan bog‘liq zaharlanishlar, hatto, o‘lim holatlari aynan bahor mavsumida tez-tez uchrab turadi. Chunki, bu kabi hududlarda mavjud bo‘lgan zaharli moddalar, transport vositalaridan ajraladigan is gazi va boshqa kimyoviy birikmalarni yovvoyi qo‘ziqorinlar o‘ziga shimib oladi va bir qarashda xavfsiz bo‘lib ko‘ringan qo‘ziqorin ham zaharli qo‘ziqoringa aylanib qolishi mumkin.
Qo‘ziqorinlarni 30 daqiqa qaynatish orqali zaharni zararsizlantirish mumkinmi?
Zaharli qo‘ziqorinlarni qaynatish yoki ivitish toksinlarni yo‘qotmaydi. Bu yo‘l orqali ularni zararsizlantirish mumkin emas.
Qo‘ziqorindan zaharlanishning belgilari qanday bo‘ladi?
Qo‘ziqorindan zaharlanish ayniqsa qariyalar va bolalarda o‘tkir boshlanib, jiddiy va og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Zaharlanish belgilari 3-5 soatdan 20-24 soatgacha yashirin davrga ega bo‘lib, kasallik belgilari 1-2 soat o‘tgach namoyon bo‘la boshlaydi. Bunda bemorda dastlab, asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, xususan ko‘p terlash, so‘lak va ko‘zdan yosh oqishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash (gallyusinatsiya), titrash shuningdek, ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.
Bunday holatlarda bemorlarga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tez tibbiy yordam katta samara berishi mumkin va bemor odatda 1-2 kundan keyin sog‘ayib ketadi. Zaharlanish holatlari kuzatilib, o‘z vaqtida davolash muolajalari amalga oshirilmasa bemorning ahvoli og‘irlashishi, hatto fojiali yakun topishi ham mumkin. Bu kabi holatlar kuzatilmasligi uchun esa uni terib iste’mol qiluvchi shaxs avvalambor zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi kerak.
Qo‘ziqorinlarni qayerdan xarid qilish kerak?
Qo‘ziqorin iste’mol qilishga ishtiyoq paydo bo‘lsa, u holda faqat ruxsat etilgan turg‘un savdo do‘konlaridan xarid qiling. Albatta bunday paytda xavfsizligiga kafolat beruvchi hujjatlari mavjudligiga e’tibor qarating hamda sotuvchilardan veterinariya-sanitariya laboratoriyalarining xulosalarini taqdim etishlarini talab qiling.
Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlab o‘tamanki, yovvoyi holda o‘sgan qo‘ziqorinlar bilan bog‘liq zaharlanishlar ko‘plab uchrab turishini aslo yoddan chiqarmang.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
