SANEPIDQO‘MITA VA UNOPS O‘ZBEKISTONDA SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA MUASSASALARI INFRATUZILMASINI MODERNIZATSIYA QILMOQDA, BU ESA JAMOAT SALOMATLIGI TIZIMINI MUSTAHKAMLAMOQDA
2026-03-25 10:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va BMTning Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha idorasi (UNOPS) “COVID-19 ga favqulodda javob” loyihasi doirasida laboratoriya va jamoat salomatligi muassasalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
Kasalliklarni nazorat qilish, laboratoriya diagnostikasi va jamoat salomatligi tizimini kuchaytirish borasida sezilarli natijalarga erishildi.
Loyihaning infratuzilma qismi doirasida hozirgacha qo‘mitaning 265 ta muassasasi zamonaviy laboratoriya standartlariga mosligini aniqlash uchun baholandi. Ushbu baholash natijasida rekonstruksiya va yangi qurilish uchun 45 ta ustuvor obyekt tanlab olindi.
2025-yilda barcha 45 ta obyekt uchun loyiha hujjatlari yakunlandi va ular zamonaviy bioxavfsizlik hamda laboratoriya talablariga mos ravishda ishlab chiqildi. 2025-yildan hozirgi kungacha 44 ta obyekt bo‘yicha qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. 2026-yil mart holatiga ko‘ra, 6 ta obyekt to‘liq yakunlandi.
Shulardan biri — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Buxoro viloyati boshqarmasi bo‘lib, ushbu obyektga jami 2,2 million dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Loyihada ikki yo‘nalish amalga oshirildi: yangi laboratoriya binosini qurish va mavjud laboratoriyalarni rekonstruksiya qilish.
Yangi qurilgan uch qavatli binoda ayniqsa xavfli infeksiyalar, radiologiya hamda sanitariya-gigiyena tahlillari uchun maxsus laboratoriyalar joylashgan. Shu bilan birga, mavjud virusologiya, parazitologiya va bakteriologiya laboratoriyalari ham modernizatsiya qilinib, ish sharoitlari yaxshilandi va laboratoriya faoliyati samaradorligi oshirildi.
Qolgan obyektlarda ham ishlar davom etmoqda. Yana 4 ta obyektni 2026-yil may oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan, qolganlari esa 2026-yil davomida topshiriladi.
UNOPS infratuzilma ishlarini xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik boshqaruv standartlariga muvofiq amalga oshirishda ko‘maklashmoqda. Bu esa yangilangan muassasalar zamonaviy laboratoriya va bioxavfsizlik talablariga javob berishini ta’minlaydi. Loyihaning infratuzilma qismi qiymati 77,7 million dollarni tashkil etib, u butun mamlakat bo‘ylab sanitariya-epidemiologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilishni qamrab oladi.
Mazkur ishlar 2022–2026-yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli loyiha tarkibiga kiradi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (ADB) va Osiyo infratuzilma investitsiya banki (AIIB) tomonidan O‘zbekiston hukumatiga ajratilgan 160 million dollar kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — sanitariya-epidemiologiya tizimini mustahkamlashdir. Bu quyidagilar orqali amalga oshiriladi: laboratoriya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tibbiy va notibbiy uskunalarni xarid qilish, raqamli tizimlarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish imkoniyatlarini yaxshilash.
Aholi uchun bu — tezroq test natijalari, sog‘liq uchun xavf tug‘diruvchi holatlarga tezkor javob va kasalliklar tarqalishidan yanada ishonchli himoya deganidir.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee



