NAVRO‘Z VA RAMAZON HAYITI MUNOSABATI BILAN SOG‘LOM OVQATLANISH VA OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI BORASIDAGI TAVSIYALAR
2026-03-18 16:45:00 / Yangiliklar

Yurtimizda milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan ulug‘ bayramlar — Navro‘z va Ramazon hayiti keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyomlarda oilalarimizda turli milliy taomlar tayyorlanib, mahallalarda xalq sayillari va bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Bayram kunlarida aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish hamda sog‘lom ovqatlanish qoidalariga amal qilish muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi barcha fuqarolardan quyidagi sanitariya-gigiyena talablariga amal qilishlarini so‘raydi:
- Taom tayyorlashda sifatli mahsulotlardan foydalaning. Faqat laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan va sifati kafolatlangan bug‘doy, go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlatish lozim.
- Begona o‘t urug‘laridan tozalangan bug‘doy ishlating. “Sumalak”, “Xalisa” (Halim), “Go‘ja” kabi milliy taomlarni tayyorlashda bug‘doy tozalangan, yuvilgan va laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan bo‘lishi kerak.
- Go‘sht va sut mahsulotlarini veterinariya nazoratidan o‘tgan holda xarid qiling. Bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari tomonidan tekshirilgan mahsulotlardan foydalanish tavsiya etiladi.
- Noma’lum shaxslardan mahsulot xarid qilmang. Ko‘cha-ko‘ylarda sotilayotgan, kelib chiqishi noma’lum mahsulotlar turli yuqumli kasalliklar va oziq-ovqatdan zaharlanish holatlariga sabab bo‘lishi mumkin.
- Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling. Taom tayyorlashda ishtirok etayotgan shaxslar toza kiyimda ishlashi, qo‘llarini muntazam yuvib turishi va sanitariya talablariga amal qilishi zarur.
- Taomlarni toza va sanitariya talablariga javob beradigan sharoitda tayyorlang. Ish joylari, idish-tovoqlar va oshxona jihozlari doimo toza holda saqlanishi kerak.
- Tayyor ovqatlarni uzoq saqlamang. Tayyorlangan taomlarni imkoni boricha shu kuni iste’mol qilish, tez buziluvchi taomlarni esa 2 soat ichida tarqatish maqsadga muvofiq.
- Uy sharoitida tayyorlangan va xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlarni xarid qilmang. Ayniqsa tez buziluvchi salatlar, konservalar va kremli qandolat mahsulotlarini sotib olishda ehtiyotkor bo‘lish zarur.
Sog‘lom ovqatlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish orqali siz o‘zingiz, farzandlaringiz va mahalla ahlining salomatligini muhofaza qilishga hissa qo‘shgan bo‘lasiz.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
