EHTIYOT BO‘LING! LEYSHMANIOZ TARQATUVCHI CHIVINLAR FAOLLASHADIGAN MAVSUM BOSHLANMOQDA!
2026-03-18 16:00:00 / Yangiliklar

JSSTning bergan ma’lumotlariga ko‘ra har yili leyshmanioz kasalligi bilan yer yuzida yashovchi bir milliondan ikki milliongacha aholi zararlanadi. O‘zbekistonning qator viloyatlarida leyshmaniozlarning tabiiy o‘choqlari mavjud bo‘lib, har yili visseral va zoonoz teri leyshmanioz kasalligi ro‘yxatga olinadi.
Ushbu kasallik haqida aholining xabardorligini oshirish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Epidemiologiya boshqarmasi bosh mutaxassisi Inna Tyo bilan suhbatlashdik.
Leyshmanioz kasalligi haqida aholi nimalarni bilishi lozim?
Leyshmaniozlar – odam va hayvonlar orasida uchraydigan bir guruh protozoy transmissiv kasalligi bo‘lib, asosan ichki a’zolarni (visseral leyshmaniozda) yoki teri va shilliq pardani (teri leyshmaniozida) zararlanishi bilan ta’riflanadi. Kasallik odamga Phelebotomus turiga mansub leyshmanioz bilan zararlangan moskitning chaqishi oqibatida yuqadi. O‘z navbatida moskit infeksiyani kasallangan odamni, it, yovvoyi hayvonlarni (chiyabori, tulki), har xil kemiruvchilarni (katta qum sichqoni, qizil dumli qum sichqoni, yapaloq tishli kalamush va ingichka panjali yumroqqoziq va bosh.)ni chaqishi natijasida zararlanadi. Leyshmanioz keng tarqalgan joylarda barcha yoshdagi odamlar infektsiya xavfi ostida. Zararlanish mavsumi – yoz, kasallanish mavsumi esa – shu yilning kuzi yoki kelasi yilning bahoriga tugri keladi.
Kasallikni tashuvchilari – och sariq va kulrangli yoki jigarrangdagi, ikki qanotli hashorat, qon so‘ruvchi mayda moskitlar bo‘ladi. Qanotlari tinch turgan holda 45˚burchak ostida yuqoriga ko‘tarilgan bo‘ladi. Uchishi ovozsiz va keskin. Moskitlar qisqa masofaga uchish xususiyatiga ega.
Visseral (ichki) leyshmanioz (VL)- «o‘ziga xos tusda» turadigan leyshmanioz shakli. Xavfli tarafi shundaki, davolanmasa bu infeksiyadan o‘lish 100% yetadi. O‘zbekistonda visseral leyshmaniozning o'rtayerdengiz-o'rtaosiyo turi uchraydi. Kasallik asosan kichik yoshdagi – 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni zararlaydi,, lekin katta yoshdagilar ham kasallanadilar. Visseral leyshmaniozning inkubasion (yashirin) davri 3 haftadan 3 yilgacha (ko‘pincha bir necha oylar) davom etishi mumkin. Kasallik asta-sekin boshlanadi, kasallikning birinchi belgilarini sezmay ham qolish mumkin. Umumiy holsizlik kuchayadi, to‘lqin simon (ko‘pincha bir kun davomida ikki karrali tana haroratining ko‘tarilishi) isitma aralash bezgak paydo bo‘ladi. Kam qonlik hisobiga terining rangi oqaradi, bazida gemorragik toshma paydo bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida yarali nekrotik o‘zgarishlar paydo bo‘lishi mumkin. Bemorning umumiy holati keskin yomonlashadi, ular oriqlashadilar, kamqonlik va leykopeniya kuchayadi, jigar (kindik chizig‘igacha) va taloqning (kichkina toz bo‘shlig‘igacha) kattalashishi kuzatiladi. Bemorlarning deyarli 10% da jigar sirrozi va portalli gipertenziya kuzatiladi. Kasallikning so‘ngi bosqichlarida buyrak bezining zararlangani hisobiga shishlar paydo bo‘ladi, keskin oriqlab ketish - kaxeksiya rivojlanadi.
Teri leyshmaniozi (TL)– terining polimorf kasalligi bo‘lib yashirin davri bir haftadan bir necha oylargacha bo‘lishi mumkin. Kasallik har xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, ya’ni: teri qoplamida yag‘lig‘langan yoki yarasiz yakka-yakka yoki ko‘p tugunchali zararlangan joylari bo‘lishi mumkin. Teri leyshmanioz kasalligiga eng hos bulgan belgi - bu uzoq bitmaydigan yaralarning mavjudligi. Teri leyshmaniozi antroponoz va zoonoz turi ko‘rinishida kechadi. O‘zbekistonda ko‘proq zoonoz teri leyshmaniozi uchrab turadi (sinonimlar: qishloq turi, pendin yarasi, o‘tkir nekrozli teri leyshmaniozi, Borovskiy kasalligi) va u kalta inkubasion (yashirin) davriga ega (3 xaftagacha), chaqilgan joydagi do‘ng tezlik bilan kattalashadi, yallig‘lanadi va shu joyda atrofi shishgan keng infiltratli yara paydo bo‘ladi. Yara diametri 5 sm.gacha yetishi mumkin. Keyinchalik yaraning o‘rni bitadi. Kasallik boshlanganidan 4-5 oydan so‘ng “muhirlangan”tirtiq paydo bo‘ladi. Ko‘pincha leyshmaniomalar yuz, qo‘l va oyoqning ochiq joylarida joylashadi, kam uchraydigan holatlarda badanda ham bo‘lishi mumkin.
Leyshmaniozga qarshi kurashishda qanday chora-tadbirlarni o‘tkazish kerak?
Leyshmaniozlarga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida quyidagilardan iborat kompleks chora-tadbirlarni o‘tkazish kerak:
• leyshmanioz bilan zararlangan bemorlarni erta aniqlash va davolash;
• dezinseksiya o‘tkazish - xonadonlarga moskitlarga qarshi ishlov berish;
• deratizatsiya o‘tkazish - qishloq aholi punktlarida va dala ishlari o‘tkaziladigan uchastkalariga yaqin joylardagi yovvoyi kemiruvchilarni yo‘q qilish;
• moskitlarning ko‘payish joylaridan uchib chiqayotgan sonini kamaytirish maksadida aholi punktlarida doimiy ravishda sanitariya tozalikni ushlab turish kerak, uy va molxonadan chiqadigan chiqindilarni zich yopiladigan qopqoqli yashiklarda ushlash kerak, hamda yig‘ilishiga qarab muntazam ravishda alohida ajratilgan mahsus maydonga chiqarib ularni u yerda yoqish yoki zararsizlantirish zarur.
• Doimiy ravishda uylarning yerto‘lalari, sabzavot saqlanadigan binolar, molxona va uy parrandalari turadigan binolarning ozodaligini nazoratda ushlash kerak.
Shahar va boshqa aholi punktlarida daydi itlar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, hamda xizmatdagi va xonadon itlari doimo veterinariya nazorati ostida bo‘lishi shart.
• Moskitlardan himoyalanish uchun albatta shaxsiy himoya vositalarini qo‘llash, – pashshaxonalar, oyna va eshiklarga setka tutish maqsadga muvofiqdir.
• Kechki vaqtda hashoratlarning chaqishidan himoyalanish uchun uzun yengli ko‘ylak va shim kiyish zarur.
• Ochiq havoda ishlaganda tananing ochiq qolgan joylarini moskitlar chaqishidan himoyalash uchun repelentlardan foydalanish kerak.
• Qishloq xo‘jalik mavsumiy ishlarga jalb qilingan ishchilarning yotog‘i epidemik mavsumda zoonoz teri leyshmaniozining tabiiy o‘chog‘idan 2 km masofa uzoqligida joylashtirilishi tavsiya etiladi.
Tropik mamlakatlarga sayohat qilayotgan sayyohlar leyshmanioz haqida nimalarni bilishlari kerak?
Tropik mamlakatlarga sayohat qilayotgan sayyohlar leyshmanioz haqida quyidagilarni bilishlari kerak:
Leyshmaniozga qarshi vaksinalar hozirda ishlab chiqilmaganligi sababli, asosiy e’tibor chivin chaqishidan himoyalanishga qaratilgan:
- Repellentlardan foydalanish: Ochiq teriga DEYЕT (diyetiltoluamid) moddasini o‘z ichiga olgan repellentlarni surtish;
- himoya kiyimlari: ayniqsa, qorong‘i tushganda, uzun yengli kiyimlar, uzun shimlar va paypoq kiyish, kiyimlarga permetrin bilan ishlov berish mumkin;
- сhivin to‘rlari: deraza va eshiklarga, shuningdek, yotoq ustiga chivin to‘rlarini ishlating, ayniqsa xonada kondisioner bo‘lmasa. Chivinlar kichik bo‘lgani sababli, ular oddiy to‘rlardan o‘tib ketishi mumkin, shuning uchun insektisidlar bilan ishlangan to‘rlar samaraliroqdir;
- uyda qolish: quyosh botishidan chiqishigacha bo‘lgan vaqtda, chivinlar eng faol bo‘lganida, uyda qolishga harakat qilish kerak.
Kasallik alomatlari paydo bo‘lganda nima qilish kerak?
- Agar sizda leyshmaniozga o‘xshash simptomlar (terida yaralar, uzoq muddatli isitma, vazn yo‘qotish, jigar/taloq kattalashishi) paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling va tropik mamlakatlarga yaqinda qilgan sayohatingiz haqida xabar bering.
- Erta tashxis qo‘yish va davolash, ayniqsa visseral leyshmanioz uchun juda muhimdir. Davolash faqat shifokor tomonidan belgilanadi va kasallikning shakliga hamda qo‘zg‘atuvchining turiga bog‘liq bo‘ladi.
Esda tutingki, profilaktika eng yaxshi himoyadir. Ushbu oddiy qoidalarga rioya qilish orqali siz sayohat paytida leyshmanioz bilan kasallanish xavfini sezilarli darajada kamaytirasiz.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
