0108-26-son SanQvaN
2026-03-11 16:15:00 / Yangiliklar

“Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimi tamoyillariga asoslangan doimiy tartib-qoidalarni ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llashga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari” 0108-26-son SanQvaN bo‘yicha ma’lumot
Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 07-martda 3898-sonli hisob raqami bilan “Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimi tamoyillariga asoslangan doimiy tartib-qoidalarni ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llashga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari” 0108-26-son SanQvaN ro‘yxatdan o‘tdi.
SanQvaN O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi PF–111-son “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va 2023-yil 2-iyundagi PQ–181-son “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlaydi.
Mazkur SanQvaN loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishildi.
Bugungi kunda oziq-ovqat biznesi operatorlari tomonidan NASSR tamoyillarini majburiy qo‘llash bo‘yicha norma Yevropa Ittifoqi, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, Koreya, Xitoy kabi rivojlangan davlatlarda kiritilgan.
HACCP tizimining asosiy mohiyati – bu oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlashda ularga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldini olish yoki kamaytirishdan iboratdir, ya’ni profilaktik chora-tadbirlarning ustuvorligi.
Ushbu loyihaning maqsadi oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan holda HACCP tizimi tamoyillariga asoslangan doimiy tartib-qoidalarni ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llash bo‘yicha yagona sanitariya-gigiena talablarini belgilashdan iborat.
Shuningdek, loyiha:
- aholi salomatligini muhofaza qilish;
- oziq-ovqat bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish;
- milliy oziq-ovqat xavfsizligi tizimini Codex Alimentarius CAC/RCP 1-1969 talablariga muvofiqlashtirish maqsadlarini ko‘zlaydi.
Ushbu SanQvaN loyihasi bilan quyidagi asosiy qoidalar belgilanadi:
НАССР tizimi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashning asosiy profilaktik mexanizmi hisoblanadi;
НАССР tizimi barcha oziq-ovqat biznesi obyektlariga ularning faoliyat turi, ko‘lami va xavf darajasini inobatga olgan holda tatbiq etiladi;
НАССР ni joriy etishdan oldin dastlabki sharoit dasturlarining (GMP, GHP) to‘liq va samarali amalga oshirilishi shart;
xatarlar tahlili har bir mahsulot va har bir texnologik jarayon bosqichi bo‘yicha amalga oshiriladi;
kritik nazorat nuqtalari va kritik chegaralar ilmiy asoslangan ma’lumotlarga tayangan holda belgilanadi;
monitoring, tuzatish choralari, validatsiya va verifikatsiya jarayonlari tizimli ravishda hujjatlashtirilishi shart;
НАССР tizimi doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqilishi va yangilanib borilishi lozim;
НАССР ni joriy etishda inson salomatligi ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib, iqtisodiy yoki texnologik omillar xavfsizlik talablaridan ustun qo‘yilmaydi;
НАССР tizimi oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini cheklamasdan, balki uni ta’minlashga xizmat qilishi shart.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
