“KONTRAFAKTSIZ OY” DOIRASIDA UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2026-03-11 12:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi qaroriga muvofiq, joriy yil 1-martdan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan biologik faol moddalarni olib kirish va ishlab chiqarishga ruxsatnoma berish jarayonida intellektual mulk ob’ektlariga (tovar belgisi va sanoat namunasiga) bo‘lgan huquqlarga rioya etilgani Intellektual mulk portali orqali majburiy ravishda tekshirilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan Adliya vazirligining Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi mutaxassislari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mas’ul xodimlari ishtirokida “Dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida intellektual mulk huquqlariga rioya etilishi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbir yurtimizda 15-fevraldan 15-martga qadar o‘tkazilayotgan “Kontrafaktsiz oy” targ‘ibot oyligi doirasida tashkil etildi.
Sanepidqo'mita Axborot xizmati


