MUTAXASSIS FIKRI: BFQ HAQIDA NIMALARNI BILISH KERAK
2026-03-11 11:30:00 / Yangiliklar

Oxirgi paytda aholi o‘rtasida biologik faol qo‘shimchalarni iste’mol qiluvchilar ko‘paygan. Xo‘sh, BFQlar o‘zi nima? Ularning qanday turlari bor? Qanday tekshiruvlardan o‘tadi? Davolash maqsadida qo‘llash mumkinmi? Shu kabi aholini qiziqtirgan savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Odil Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdik.
BFQlar nima va nima uchun ular shunday nomlanadi?
Biologik faol qo‘shimchalar(BFQ) – oziq-ovqat xom ashyosini qayta ishlash yo‘li bilan yoki sun’iy usulda hosil qilingan hamda bevosita ovqat bilan birga iste’mol qilishga yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shishga mo‘ljallangan tabiiy yoxud tabiiyga aynan o‘xshaydigan biologik faol moddalarning konsentratlari bo‘lib, ular biron kasallikni davolash maqsadida foydalanilmaydi, aksincha insonlar ovqat bilan birgalikda iste’mol etishlari va ovqat mahsulotlarida yetishmaydigan minerallar, vitaminlar hamda mikroelementlarni qo‘shimcha ravishda iste’mol etish bilan minerallar, vitaminlar va mikroelementlar yetishmasligi bois yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni oldini olish, profilaktik maqsadlarda tavsiya etiladigan oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi.
Ozuqaviy biofaol mahsulotlar dori vositalaridan quyidagi mezonlarga ko‘ra ajratiladi:
1. Ozuqalanishning optimal fiziologik ratsioniga erishish uchun BFQ qo‘shimchalardan foydalanish zaruriyati;
2. BFQ mahsulotlarining savdosi ma’lum dozalarda oziq-ovqat mahsulotlaridan alohida yuritilishi;
3. BFQ mahsulotlarida farmakologik ta’sirning yo‘qligi;
4. BFQ mahsulotlarida nojo‘ya ta’sirning yo‘qligi;
5. BFQ inson organizmi va tizimining fiziologik barqaror bo‘lmagan hollarda ularning funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.
BFQ ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchadir.
BFQ dori emas, balki vitaminlar, minerallar, aminokislotalar va boshqa biologik faol moddalarni o‘z ichiga olgan mahsulot bo‘lgani sababli – biologik faol qo‘shimchalar deb ataladi.
BFQlar qanday turlarga bo‘linadi?
Kimyoviy tarkibiga ko‘ra quyidagi turdagi BFQlar mavjud:
Vitaminlar. Organizmning turli fiziologik funksiyalari uchun zarur bo‘lgan organik birikmalar. Suvda eriydigan (masalan, B guruhi vitaminlari va C vitamini) va yog‘da eriydigan (masalan, A, D, E va K vitaminlari) turlarga bo‘linadi.
Minerallar. Organizmga turli biokimyoviy jarayonlar uchun zarur bo‘lgan anorganik moddalar. Makroelementlar (masalan, kalsiy, magniy) va mikroelementlar (masalan, temir, rux) ga bo‘linadi.
Aminokislotalar. Oqsillarning qurilish bloklari. Ularning ba’zilari organizm mustaqil ravishda sintez qila olmaydigan va oziq-ovqat yoki qo‘shimchalardan olinishi kerak bo‘lgan almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar sifatida tasniflanadi (masalan, leysin, izoleysin).
Yog‘ kislotalari. To‘yingan va to‘yinmagan yog‘lar kiradi. Omega-3 va omega-6 almashtirib bo‘lmaydigan yog‘ kislotalari bo‘lib, miya, yurak-qon tomir tizimi va immunitet tizimining faoliyatida muhim rol o‘ynaydi.
Kelib chiqishi bo‘yicha esa BFQning quyidagi turlari ajratiladi:
O‘simlik BFQlari (fitopreparatlar). O‘simliklarning turli qismlari: barglari, ildizlari, urug‘lari yoki rezavorlaridan tayyorlanadi.
Hayvon BFQlari (masalan, baliq yog‘i). Ular hayvon mahsulotlaridan olinadi: baliq yog‘i omega-3 yog‘ kislotalariga boy, kollagen hayvon suyaklari yoki terisidan olinadi.
Mineral qo‘shimchalar (masalan, kalsiy). Organizmni kerakli noorganik moddalar bilan ta’minlaydi: kalsiy suyaklarni mustahkamlaydi, magniy asab tizimi uchun muhim, rux immunitetni qo‘llab-quvvatlaydi.
Aholi o‘rtasida kasalliklarni davoldashda dori sifatida BFQlarni qabul qilish mumkin degan tushuncha mavjud, bu qanchalik to‘g‘ri?
Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Biz bu borada aholining tibbiy madaniyatini oshirishimiz va BFQ dori vositasi emasligini tushuntirishimiz kerak.
Gap shundaki, dorilar ustida ishlab chiqaruvchi tomonidan xavfsizligi va samaradorligi bo‘yicha klinik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Agar tadqiqotlar muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa, preparat dori vositasi sifatida ro‘yxatga olindi va dorixonalarda sotishga rasman ruxsat beriladi. Muddati -8 oy.
Ammo biologik faol moddalar bilan bog‘liq vaziyat butunlay boshqacha: BFQlar toksikologik, tarkibiy qismi va xavfsizligi jihatidan tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Muddati- 45 kun.
BFQ ishlab chiqaruvchisi mahsulotni qanday tekshiruvlardan o‘tkazishi kerak?
BFQ mahsulotlari toksikologik, tarkibiy, sanitariya-kimiyoviy, radiologik va bakteriologik laboratoriya tadqiqotlaridan o‘tkaziladi. BFQni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun majburiy klinik tadqiqotlar talab qilinmaydi.
BFQlar qayerlarda sotiladi?
BFQ nafaqat dorixonalarda, yiik savdo majmualarida va umumiy ovqatlanish muassasalarida hamda davolash profilaktika muassasalarida sotilishi mumkin. Chunki, u dori-darmon emas, o‘z nomi bilan biologik faol qo‘shimchadir.
BFQlarni reklama qilishga qanday talablar mavjud?
O‘zbekiston Respublikasining "Reklama to‘g‘risida"gi Qonunining 35-moddasiga ko‘ra, BFQ reklamasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
• BFQ dori vositasi yoki terapevtik xususiyatlarga ega mahsulot ekanligi haqida taassurot qoldirmaslik. Biologik faol qo‘shimchalar beqaror fiziologik holatda inson organizmining funksional faolligini saqlab turish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, davolash xususiyatiga ega emas.
• BFQ qabul qilgan shaxslarni davolash yoki ahvolini yaxshilash misollarini o‘z ichiga olmaydi.
• Foydalanuvchilarning tashakkurlarini aks ettirmaslik.
• Sog‘lom ovqatlanishdan voz kechishni rag‘batlantirmaslik.
• Tadqiqotlar va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ma’lumotlaridan dori vositasidan ustunlik sifatida foydalanmaslik.
• Bolalar rasmlaridan foydalanilmaslik.
• "Mahsulot dori vositasi emas" degan ogohlantiruvchi matn bilan birga bo‘lishi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
