CHANGLI HAVODAN QANDAY SAQLANISH MUMKIN? MUTAXASSIS TAVSIYASI
2026-03-06 14:30:00 / Yangiliklar

Havoda chang miqdorining ortishi inson salomatligiga, ayniqsa nafas yo‘llari va yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Havodagi mayda chang zarrachalari nafas orqali organizmga kirib, allergik holatlar, yo‘tal, ko‘z yoshlanishi va nafas qiyinlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Changli havodan qanday saqlanish haqidagi bizni qiziqtirgan barcha savollar bilan Sanitariya gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti Aholi punktlarini, turar joy va jamoat binolarini gigiyenik rejalashtirish laboratoriyasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim Raushan Aminovna Ataniyazova bilan suhbatlashdik.
Chang zarrachalarining me’yoriy miqdori belgilanganmi?
Ifloslangan atmosfera havosi aholining sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan atrof-muhit omillaridan biridir. Havodagi ustuvor ifloslantiruvchi moddalardan biri chang hisoblanadi. Jahon amaliyotida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalarini inobatga olgan holda bir qator mamlakatlarda havo muhitida o‘lchami 10 va 2,5 mkm dan oshmaydigan chang zarrachalari (PM10 va PM2,5) miqdorini me’yorlashga o‘tilgan. PM10 va PM2,5 zarrachalarini nafas orqali qabul qilishning inson organizmiga asosiy ta’siri ushbu zarrachalarning yuqori nafas yo‘llari va o‘pkaga kirib borishi bo‘lib, bu respirator kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Atmosfera havosini asosan qanday zarrachalar ifloslantiradi?
Atmosfera havosining asosiy ifloslantiruvchilariga diametri 10 mkm va 2,5 mkm dan kichik bo‘lgan muallaq zarrachalar (PM10 va PM2,5), azot dioksidi (NO2), oltingugurt dioksidi (SO2), uglerod oksidi (CO) hamda yerga yaqin (quyi) ozon (O3) kiradi.
Mayda dispers zarrachalar (PM10 va PM2,5) 3-xavflilik sinfiga kiradi. PM10 va PM2,5 ning manbalari tabiiy hamda antropogen omillar hisoblanadi. Ushbu muallaq zarrachalar konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yorlardan yuqori bo‘lganda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki PM10 zarrachalari o‘pkaga, PM2,5 esa qon aylanish tizimiga kirib borishi mumkin.
Azot dioksidi (NO2) 2-xavflilik sinfidagi modda bo‘lib, turli yoqilg‘i turlarining (tabiiy gaz, ko‘mir, neft) yonishi natijasida hosil bo‘ladi va smog hamda “kislotali yomg‘irlar” shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. NO2 konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yorlardan oshganda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlarining funksional holati buzilishiga olib keladi.
Oltingugurt dioksidi (SO2) 3-xavflilik sinfidagi modda bo‘lib, sanoat korxonalari va issiqlik energetikasi korxonalari faoliyati natijasida hosil bo‘ladi. SO2 konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yorlardan yuqori bo‘lganda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlarining funksional holatida sezilarli o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin.
Uglerod oksidi (CO) 4-xavflilik sinfidagi modda bo‘lib, yoqilg‘ining (ko‘mir, gaz, neft) to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. CO konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yorlardan oshganda smog yuzaga kelishiga olib keladi. Uglerod oksidi nafas orqali qabul qilinganda qonga kislorod yetkazib berilishi to‘sqinlanadi, bu bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kabi belgilarni keltirib chiqaradi, yuqori konsentratsiyalarda esa o‘limga olib kelishi mumkin.
Yerga yaqin (quyi) ozon (O3) 1-xavflilik sinfidagi modda bo‘lib, shahar smogining asosiy komponentlaridan biri hisoblanadi. O3 konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yorlardan oshganda yo‘tal, hansirash va nafas yo‘llarining tirnash xususiyati kuzatiladi.
Atmosfera havosi sifati monitoringini takomillashtirish maqsadida Gidrometeorologik xizmat markazi hamda Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligidagi qo‘shma grant doirasida atmosfera havosi ifloslanishining kompleks indeksi (АHIKIndeksi)ni hisoblash metodikasi ishlab chiqildi. АHIKIni hisoblashning asosini avtomatik monitoring stansiyalarining ma’lumotlari, jumladan, belgilangan ko‘rsatkichlar ro‘yxatida nazorat qilinadigan ustuvor ifloslantiruvchi moddalarning o‘rtacha soatlik konsentratsiyalari tashkil etadi. АHIKIndeks qiymati balli baholash asosida aniqlanadi. Balli baholash shkalasi SanPiN №0053-23 “Aholi yashash punktlarining atmosfera havosidagi zararli va zaharli moddalar, producent mikroorganizmlar, bakterial preparatlar va aeroionlarning ruxsat etilgan gigiyenik me’yorlari”da tasdiqlangan o‘rtacha sutkalik REKning amaldagi qiymatlariga muvofiq, ifloslantiruvchi moddalarning dolzarb konsentratsiyalari asosida ishlab chiqilgan.
Аtmosfera havosi ifloslanishining kompleks indeksini baholovchi rangli shkalalar haqida ham to’xtalib o’tsangiz.
Yuqorida keltirilgan moddalarning atmosfera havosidagi konsentratsiyalarini inobatga olgan holda АHIKIndeksning baholovchi rangli shkalasi ishlab chiqildi va u havo sifatining besh darajasini qamrab oladi: “Yashil daraja” havo holatining yaxshi ekanligini, “Sariq daraja” o‘rtacha ifloslanishni, “To‘q sariq daraja” atmosfera havosining o‘rtacha darajadagi ifloslanishini, “Qizil daraja” yuqori ifloslanishni, “Binafsha daraja” esa havoning xavfli sifatini bildiradi.
Atmosfera havosi ifloslanishi kuchayganda aholi uchun qanday tavsiyalar berasiz?
Atmosfera havosining ifloslanishi aholiga o‘zini his qilishi va sog‘lig‘iga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois АHIKIndeks darajasi oshgani sayin, ayniqsa, aholi orasidagi zaif guruhlar uchun ehtiyot choralariga rioya qilish zarurati ortadi. Zaif guruhlarga surunkali kasalliklari bor shaxslar, bolalar, homilador va emizikli ayollar, shuningdek, keksalar kiradi; ular qo‘shimcha tavsiyalarga qat’iy amal qilishi lozim.
Havo sifati keskin yomonlashganda ochiq havoda, yopiq xonalarda va avtomobilda ehtiyot choralarini ko‘rish talab etiladi. Ochiq havoda bo‘lish vaqtini imkon qadar qisqartirish, jismoniy faollikni to‘xtatish, darhol yopiq joyga kirish tavsiya etiladi. Tashqarida bo‘lish zarur bo‘lsa, uch qavatli tibbiy niqob yoki filtri bor respirator taqish, imkon bo‘lmaganda esa burun va og‘izni mato yoki sharf bilan, yaxshisi nam holatda, yopish kerak.
Xona ichida deraza va eshiklarni mahkam yopish, imkon qadar tashqariga chiqmaslik, toza havo kirishini ta’minlaydigan (pritok) ventilyatsiyani hamda nozik tozalash filtri bo‘lmagan konditsionerlarni o‘chirib qo‘yish lozim. HEPA-filtrli havo tozalagichlar, brizerlar yoki rekuperatorlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Xonadagi havoni ultratovushli namlagich yordamida namlash yoki purkagich (pulverizator) bilan suv sepish, muntazam nam tozalash ishlarini olib borish, ovqat tayyorlashda tortgich (vityajka)ni ishga tushirish tavsiya etiladi. Ko‘z va burun-halqumni suv bilan chayish, zarurat bo‘lsa ko‘z va burun shilliq qavatini namlovchi vositalardan foydalanish mumkin. Nafas olish va yurak-qon tomir tizimining surunkali kasalliklari (astma, о‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, va boshqalar) bo‘lgan shaxslarda ahvol yomonlashsa, tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.
Atmosfera havosi ifloslanishi yuqori bo‘lganda safarlarni imkon qadar cheklash tavsiya etiladi. Avtomobildan foydalanish zarur bo‘lsa, oynalarni mahkam yopish va ventilyatsiya tizimini retsirkulyatsiya rejimiga o‘tkazish, avtomobildan tushganda va changlanish kuchli bo‘lgan joylarda uch qavatli tibbiy niqob yoki filtri bor respirator taqish kerak. Imkon qadar intensiv transport oqimi bo‘lgan hududlar va sanoat zonalari yaqinida to‘xtab turmaslik, uzoq kutib qolishni cheklash, salon ichida chekishdan voz kechish va yo‘lovchilarning chekishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, chunki bu ifloslantiruvchi moddalar ta’sirini kuchaytirib, nafas yo‘llarini qo‘shimcha tirnash xususiyatiga olib keladi.
Shuningdek, aholiga sanitariya holati qoniqarsiz bo‘lgan xonalarda uzoq vaqt qolmaslik, safarlarni va ochiq havoda uzoq muddat bo‘lishni, ayniqsa, qurilish maydonlari hamda sanoat ob’ektlari yaqinida, imkon qadar cheklash tavsiya etiladi. Uy tozalashda changni ko‘taradigan usullardan (changyutgich, supurgi, quruq cho‘tka) foydalanmaslik maqsadga muvofiq. Filtri bo‘lmagan konditsionerlardan foydalanishni vaqtincha to‘xtatish kerak. Changlanish kuchli davrda kontakt linzalardan foydalanmaslik tavsiya etiladi. Niqob taqilganda uni kamida har ikki soatda almashtirish, bir martalik niqoblarni qayta ishlatmaslik lozim.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
