O‘RALI HOJATXONALAR YER OSTI SUVLARINI ZARARLAYDIMI?
2026-03-04 11:15:00 / Yangiliklar

Zamonaviy shaharni jamoat hojatxonalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Vokzallar, bog‘lar, shaharning markaziy ko‘chalari, savdo markazlari va bozorlar, stadionlar, plyajlar jamoat hojatxonalari o‘rnatilishi kerak bo‘lgan joylardir.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda jamoat hojatxonalari faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Respublikadagi jamoat hojatxonalarining sanitariya sharoitlarini o‘rganish davomida aniqlangan mavjud holat va muammolar nimalardan iborat. Bu boradagi bizni qiziqtirgan barcha savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshlig‘i Juman To‘ychiyev bilan suhbatlashdik.
O‘rali hojatxonalar yer osti suvlarini zararlaydimi?
Markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari mavjud emasligi sabab ob’yektlarda tashqi yig‘ma o‘rali (выгребная яма) hojatxonalar qo‘llanilmoqda. Lekin ularning aksariyati noto‘g‘ri qurilgan, ekspluatatsiya qilinmaydi yoki noto‘g‘ri ekspluatatsiya qilinadi. Chiqindi suvlarni faqat yig‘ishga moslangani uchun tez to‘lib qoladi. Yoki chiqindi germetik izolyasiya qilinmaganligi sababli tozalanmasdan yer osti suvlarini zararlaydi.
Hojatxona binolari qurilishida qanday xatoliklar bor?
Hojatxona binolari qurilishida quyidagi xatoliklar mavjud:
1. Ventilyasiyadagi xatolar: Hojatxona binolarida havo harakatini ta’minlash va ventilyasiya tizimlarida loyihaviy xatoliklar keng tarqalgan. Ventilyasiya kanallari noto‘g‘ri joylashtirilgan yoki umuman ko‘zda tutilmagan, kiruvchi va chiquvchi havo oqimi hisob-kitoblarga asoslanmagan va asosan fiksatsiya uchun amalga oshiriladi. Natijada bino ichida manfiy bosim hosil bo‘lmaydi va kanalizatsiya gazlari to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish hududiga, kabina ichiga tarqaladi.
2. Pardozlash materiallari: Ichki pardozlash ishlarida namlik va agressiv muhitga chidamsiz materiallar qo‘llaniladi. Ayniqsa ochiq beton yuzalar siydikni o‘ziga singdirib oladi. Siydik tarkibidagi moddalar betondagi ishqoriy muhit bilan reaksiyaga kirishib ammiakli birikmalar hosil qiladi. Shu sabab hid faqat yuzada emas, balki materialning o‘zida paydo bo‘ladi va oddiy yuvish orqali ketmaydi. Natijada hojatxona muntazam tozalangan taqdirda ham doimiy badbo‘y hid saqlanib qoladi.
3. Suv to‘siqlari (gidrozatvor): Yuviladigan hojatxonalarda traplarning mavjud emasligi, sanitariya uskunalarida suv to‘sig‘i (gidrozatvorlardan) foydalanilmasligi kanalizatsiya gazlarining bino ichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishiga sabab bo‘ladi. Qurilish sanitariya qoidalariga ko‘ra, gidrozatvor binoni kanalizatsiya gazlaridan himoya qiluvchi asosiy element hisoblanadi.
Hojatxonalar sanitariya-gigiyenik talablarga jvob berishi uchun qanday masalalarni hal qilish zarur?
Hojatxonalarda barqaror va yaxshilangan sanitariya sharoitlarini ta’minlash uchun avvalo quyidagi masalalarni hal qilish kerak:
1- masala — respublika iqlim, iqtisodiy, moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlariga mos keladigan avtonom kanalizatsiya tizimlarini tanlash va bosqichma bosqich joriy etish.
2- masala — hojatxonalarni loyihalash, qurish va jihozlash bo‘yicha amaldagi standartlarni qayta ko‘rib chiqish hamda ularga zarur qo‘shimcha talab va o‘zgartirishlar kiritish.
“Soakaway” septik tizimi haqida ma’lumot bersangiz?
“Soakaway” filtratsiya maydoniga ega septik tizimi AQSH, Avstraliya, Yaponiya, Angliya va Rossiya kabi davlatlar amaliyotida keng qo‘llaniladigan infiltratsiya maydoni (transheya tizimi)ga ega septik tizimi (septic + drainfield - soakaway) optimal yechim sifatida taklif etiladi.
“Soakaway” tizimi tuproqning tabiiy singdirish va tozalash xususiyatlariga ega tizimdir, u suyuq, ya’ni “kulrang” suvlarni quyqadan ajratib, maxsus drenaj elementlari orqali ularni tuproqqa infiltratsiya qiladi. Mazkur tizim hojatxonani bino ichida joylashtirish va yuviladigan holatda ekspluatatsiya qilish imkonini beradi.
Tizim oqava suvlarini tozalash uchun elektr energiyasi talab qilmaydi, ya’ni nasos, eirlift, aerator kabi elektr jihozlari va avtomatika talab etilmaydi. Shu sabab elektr ta’minoti uzilishi yoki uskunalar nosozligi bilan bog‘liq xavflar mavjud emas. Ekspluatatsiyasi sodda bo‘lib, septikni tozalash odatda 1–3 yilda bir marta amalga oshiriladi. Filtratsiya maydonining xizmat muddati 20 yildan ortiqni tashkil qiladi. “Soakaway” tizimi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida joylshgan 3 ta umumta’lim maktabida tajriba loyihasi sifatida grant mablag‘lari hisobidan joriy etildi.
Vault hojatxonasi haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz?
Suv ta’minoti umuman mavjud bo‘lmagan, hududlarda joylashgan stasionar jamoat hojatxonalari uchun germetik yig‘uvchi idishga ega quruq hojatxona (vault) tizimini joriy etish taklif etiladi.
Vault hojatxonasi chiqindilarni tuproqqa singdirmasdan to‘liq germetik rezervuarda to‘plashga asoslangan sanitariya tizimidir. Tizimda oqova suv hosil bo‘lmaydi va chiqindilar atrof-muhitdan to‘liq izolyasiya qilinadi. Hidning oldini olish tabiiy konveksiya prinsipiga asoslanadi.
O‘zbekistonda qanday tozalash inshootlari qo‘llanilmoqda?
Markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lmagan, biroq barqaror elektr ta’minoti va suv manbai mavjud ob’yektlarda zamonaviy lokal tozalash inshootlarini (LOS) qo‘llash mumkin. O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilayotgan bir nechta turdagi lokal tozalash stansiyalari qo‘llanilmoqda. Ular ichida SBR (Sequencing Batch Reactor — ketma-ket to‘ldiriladigan reaktor) texnologiyasi ijtimoiy ob’yektlar uchun eng maqbul yechim sifatida qaraladi.
Bu tizim nisbatan kam elektr sarflaydi, kichik maydon talab qiladi va o‘zgaruvchan yuklamalar sharoitida ham barqaror ishlaydi. Shu sababli texnik-iqtisodiy jihatdan eng muvozanatli yechim SBR texnologiyasi hisoblanadi.
Noto‘g‘ri loyihalash yoki xizmat ko‘rsatilmagan avtonom tozalash tizimlari nitratlar va patogen mikroorganizmlarning yerosti suvlariga o‘tishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sabab har bir ob’yekt atrofida sanitar-himoya zonasi doirasida muntazam laborator nazorat o‘tkazilishi tavsiya etiladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
