MATBUOT ANJUMANI: RESPUBLIKADA SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIK BARQARORLIKNI TA'MINLASHDA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR: 2025-YIL TAHLILI
2026-02-24 16:45:00 / Yangiliklar

Milliy matbuot markazida Sanepidqo‘mita tomonidan “Respublikada Sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta'minlashda olib borilayotgan ishlar: 2025-yil tahlili” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligini ta’minlash hamda kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan olib borilgan profilaktik hamda ommaviy emlash tadbirlari natijasida mamlakatimiz aholisi o‘rtasida boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik barqarorlik ta’minlanib, qo‘lga kiritilgan eliminatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlar saqlab qolindi.
2025-yilda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi respublika bo‘yicha 95%ni tashkil etdi. 5,6 mln. bolalar 13 turdagi vaksinalar bilan emlandi. Emlash tadbirlari milliy emlash kalendari asosida tashkil etib kelinmoqda.
Bugungi kunda virusli gepatitlar, xususan, gepatit B va С turlari jahon miqyosida aholining sog‘lig‘iga jiddiy tahdid soluvchi kasalliklardan biri hisoblanadi.
2025-yilda virusli gepatit B va C turiga skrining tekshiruvlari uchun qo‘shimcha 510 000 ta ekspress testlar ajratilib, ma’muriy hududlarga yetkazilgan. Natijada skrining tekshiruvlari uchun berilgan testlar soni jami 2 434 900 tani tashkil etgan.
2022-2025-yillar davomida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan va Misr Arab Respublikasidan berilgan dori vositalari yordamida surunkali virusli gepatit C bilan kasallangan 47 732 nafar bemorlar to‘liq davolangan. Bu esa ushbu davolash dasturining yuqori klinik va ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Atabekov mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini yo‘nalishida 2025-yilning 12 oyi mobaynida bir qator tadbirlar amalga oshirilganiga to‘xtalib o‘tdi:
“Hamkorlikda tashkil etilgan o‘rganishlar davomida sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 33230 tonna oziq-ovqat mahsulotlari o‘rnatilgan tartibda brakeraj qilindi. Mahsulotlar turiga qaralganda eng ko‘p ya’ni 259 tonna shakar va qandolat mahsulotlari, 251 tonna spirtli va salqin ichimliklari, 220 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, 106 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri keldi.
2025-yilda respublika bo‘yicha 44 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etildi. Qayd etilgan zaharlanishlardan 6 ta holatda MTT tarbiyalanuvchilari orasida qayd etilgan. 29 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 63 nafar (ulardan 17 nafari bola) jabrlangan. Respublikada aholi orasida yuqumli oshqozon-ichak va ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish borasida bir qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda fuqarolarimizdan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini hamda sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslikni so‘raymiz”.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 2025-yil davomida 3877 ta murojaat kelib tushgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 82% ijobiy hal etilgan yoki huquqiy ma’lumot berish orqali qanoatlantirilgan.
Sanepidqo‘mita faoliyatida korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli yondashuvni shakllantirish maqsadida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Mazkur xaritada korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar, jarayonlar va funksiyalar aniqlanib, ularni kamaytirish va bartaraf etish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini kompleks tahlil qilish natijalariga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasidagi faoliyat yo‘nalishlari korrupsiya xavfi darajasiga qarab tasniflandi.
Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlari yuqori darajada baholangan 7 ta soha aniqlanib, mazkur yo‘nalishlarda nazorat va profilaktik choralarni kuchaytirish zarurligi belgilandi. Shuningdek, korrupsiya xavfi o‘rta darajada deb topilgan 17 ta soha bo‘yicha oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Qo‘mita tashqi siyosiy faoliyat doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), UNIСEF, AQSh kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC), Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Janubiy Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Codex Alimentarius fondi, O‘zbekistonda “Ta’lim va bolalar ovqatlanishi uchun oziq-ovqat” Mercy-corps, Rossiya Federatsiyasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish Federal xizmati (Rospotrebnadzor) bilan hamkorlikda, Jahon, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT/IOM) hamda Robert Kox instituti bilan hamkorlikda jami 18 ta istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Sanepidqo‘mitaning 12 nafar mutaxassisi 3 oylik Amaliy epidemiologiya dasturi (FETP) Frontline kursida, CDC 2 yillik magistratura yo‘nalishida 3 nafar mutaxassis Qozog‘istonning S.Asfendiyarov nomidagi Milliy tibbiyot universitetiga o‘qishga yuborildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuklatilgan bu kabi ishlar 2026-yilda ham izchil davom ettirilmoqda!
Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
