SANEPIDQO‘MITADA YOSHLAR BILAN ISHLASH BO‘YICHA QASHQADARYO TAJRIBASI YO‘LGA QO‘YILADI
2026-02-20 10:40:00 / Yangiliklar

Qarshi shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanepidqo‘mita raisi — Bahodir Yusupaliyev va Qashqadaryo viloyatidagi sohada faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar ishtirok etdi.
“Endi yoshlar bilan ishlashni yangi bosqichga ko‘taramiz, xorijiy tillarni bilgan va sohada tashabbuskorlik qilayotgan yoshlar xorijga malaka oshirish va tajriba almashishga yuboriladi. Har bir tumandan til o‘rganishga ishtiyoqi bor yoshlarning 2 nafariga xorijiy til kurslariga to‘lovlar to‘lab beriladi faqat 6 oyda natija ko‘rsatish lozim. Agar bu tajriba o‘zini oqlasa Respublikamizni boshqa hududlarida ham joriy qilinadi”, - dedi Qo‘mita raisi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarning muammolar va takliflari tinglandi. Kelgusida yoshlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qashqadaryo viloyati tajribasini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratish maqsadida:
1. Futbol, tennis, shaxmat-shashka, voleybol kabi sport turlari bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya vrachi” va “Qo‘mita raisi” kuboklarini o‘tkazish.
2. “Zakovat” intellektual o‘yinini respublika miqyosida “Qo‘mita raisi” kubogini o‘tkazish.
3. Joriy yilning aprel oyida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davrida sanitariya-epidemiologiya sohasi” nomli maqolalar tanlovini o‘tkazish. Bunda eng yaxshi maqolalar O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati ilmiy-amaliy jurnalida chop etiladi. Hamda, 1,2,3- o‘rin sohiblari mukofotlanadi.
4. Boshqa yo‘nalishlarda ham takliflar amaliyotga joriy etilishi belgilandi.
Tadbir so‘ngida 17 nafar qashqadaryolik yosh soha xodimiga Qo‘mita raisining tashakkurnomasi hamda 5 mln. so‘mlik vaucherlar topshirildi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee


