SHAKAR NIMA UCHUN ZARARLI?
2026-02-04 17:15:00 / Yangiliklar

Shakar eng mashhur oziq-ovqat mahsulotlaridan biridir. U ko‘pincha mustaqil mahsulot sifatida emas, balki turli xil taomlarga qo‘shimcha sifatida ishlatiladi. Kimyo nuqtayi nazaridan shakar uglerod, vodorod va kisloroddan iborat.
Bugungi kunda shakar deyarli har bir inson kundalik iste’molida uchraydi. Choy, qahva, shirinliklar, gazli ichimliklar va tayyor mahsulotlar tarkibidagi ortiqcha shakar sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Qisqa muddatda energiya bergandek tuyulsa-da, uzoq muddatda shakar inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ko‘pchiligimiz shirin ichimliklar, konditer maxsulotlari, muzqaymoqlarini sevib iste’mol qilamiz. JSST 1 kunlik shakar iste’molini 25-50 gramm deb belgilagan, biz iste’mol qilayotgan qand miqdori esa me’yoridan 10 baravargacha oshib ketyapti.
Shakarning salomatlikka zararlari
1. Semizlikka olib keladi
Ortiqcha shakar yuqori kaloriya manbai bo‘lib, tez hazm bo‘ladi va to‘yish hissini kam beradi. Natijada inson ko‘proq ovqat yeydi. Bu esa vazn oshishi va semizlikka sabab bo‘ladi.
2. Qandli diabet xavfini oshiradi
Ko‘p miqdorda shakar iste’mol qilish qondagi glyukoza miqdorini tez oshirib yuboradi. Vaqt o‘tishi bilan bu holat insulinga sezuvchanlikni pasaytiradi va 2-tur qandli diabet rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
3. Yurak-qon tomir kasalliklari
Ilmiy tadqiqotlar ortiqcha shakar iste’moli qondagi yomon xolesterin miqdorini oshirishini ko‘rsatgan. Bu esa yurak xastaliklari va insult xavfini kuchaytiradi.
4. Tishlarga zarar
Shakar og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalar uchun ozuqa hisoblanadi. Ular shakarni parchalab, kislota hosil qiladi va bu kislota tish emalini yemiradi. Natijada kariyes va boshqa tish kasalliklari paydo bo‘ladi.
5. Immun tizimni zaiflashtiradi
Ortiqcha shakar iste’moli organizmning infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi. Bu insonni tez-tez kasallanishga moyil qiladi.
6. Ruhiy holatga ta’siri
Shakar qisqa vaqtga kayfiyatni ko‘targandek bo‘lishi mumkin, ammo uning ta’siri o‘tgach charchoq, asabiylik va tushkunlik holatlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Xulosa
Shakarni butunlay tark etish shart emas, ammo uni me’yorida iste’mol qilish juda muhim. Organizmning normal faoliyati uchun zarur bo‘lgan qand normasini tabiiy qand manbalaridan: sabzavotlar, mevalar, yormalar, sut, yong‘oqlardan olish kerak. Chunki ularning tarkibida qanddan tashqari o‘simlik oqsillari, kletchatka, vitaminlar va mikroelementlar mavjud bo‘lib, ularning yetishmasligidan surunkali kasalliklar kelib chiqadi.
Tabiiy shakar manbalariga ustunlik berish, sun’iy shirinliklarni esa kamaytirish sog‘lom hayot tarzining muhim qismi hisoblanadi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
