BALIQ — OMEGA-3 YOG‘ KISLOTALARI VA OQSILGA BOY, YURAK VA MIYA UCHUN FOYDALI
2026-02-03 15:30:00 / Yangiliklar

Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib iste’mol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm bo‘lishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi. Baliq go‘shti tarkibida juda ko‘p vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qo‘y go‘shtidan yuqori turadi. Baliq go‘shtining 100 grammida inson salomatligi uchun kerak bo‘ladigan bir kunlik — 0,2 milligramm yod saqlanadi.
O‘zida oqsil, vitamin, minerallar, ayniqsa, temir, yod, magniy, fosfor, ruhni saqlagani sababli baliq odamni semirtirmay, organizmga kerakli quvvatni bera oladi.
Baliqni "miya uchun ozuqa" deb bejiz aytishmaydi: axir uning tarkibida Omega-3 – boshqa hech qaysi modda bilan almashtirib bo‘lmaydigan yog‘ kislotalari mavjud. Olimlarning fikriga ko‘ra, bu "yaxshi" yog‘lar - kuchli yallig‘lanishga qarshi vosita bo‘lib, u ko‘rish qobiliyatining pasayishidan tortib, Alsgeymer kasalligigacha bo‘lgan turli xil kasalliklarning oldini olishda organizmga yordam beradi.
Shunga qaramay, har qanday baliq ham Omega-3 yog‘ kislotalari manbai sifatida foydali bo‘lavermaydi. Bu foydali moddalarning miqdori bo‘yicha haqli ravishda sovuq suvlarda yashovchi baliqlar yetakchi hisoblanadi.
Omega-3 ning eng qimmatli manbalari sovuq suvlarda yashaydigan yog‘li baliq turlaridir. Eng mashhuri semga, ammo qimmatli yog‘ kislotalarini arzon baliq turlaridan: seld, xams, koryushka va salakalardan ham olish mumkin.
Baliq moyidagi D vitamini organizmga kalsiy va fosforning o‘zlashishini faollashtiradi. D vitaminisiz kalsiyga boy mahsulotlar ham foydasiz bo‘ladi. Ayniqsa, qish mavsumida. Chunki D vitamini quyosh nuri ta’sirida organizmga sintezlashadi. Bundan tashqari, D vitamini asab sistemasini tinchlantiradi.
Shuningdek baliq istemol qilish bir qancha kasalliklarga koni foyda hisoblanadi: yurak kasalliklari havfini kamaytiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, uyquni yaxshilaydi, revmotoid artiritni yengillashtiradi, xolesterin darajasini kamaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi, qon bosimini pasaytiradi, nevrologik kasalliklarda, erkaklarda jinsiy quvvatni oshiradi, jigar uchun foydali xisoblanadi.
Baliqni bolalarga haftada 2 marta tayyorlab bersangiz, raxit, kariyes, soch to‘kilishi, buqoq dardlaridan asraysiz.
Baliq tanlashda nimalarga e’tibor berish zarur?
Baliq olayotganingizda avvalo uni tanlay bilish lozim, yangi tutilgan, sarxil baliqning et qismi oq yoki nimpushti, turiga qarab qizil rangda bo‘ladi. Baliq tanlaganda barmoq bilan tanasiga bosib ko‘ring, ezganda xuddi rezinka singari o‘z holiga darrov qaytsa, u yangi. Yana hidiga ham ahamiyat bering, o‘tkir hidli, go‘shti yashil yoki sarg‘ish bo‘lsa, yaqinlashmang. Sovutgichda xom baliq 3 kun, muzxonada bir necha oygacha bemalol saqlanishi mumkin.
Baliq go‘shti kimlarga tavsiya etilmaydi?
Allergik xastaliklar, qonda kalsiy darajasi yuqori bo‘lgan odamlarga, buyragi tez-tez og‘riydigan bemorlarga, o‘pka silida baliq unchalik tavsiya etilmaydi.
Baliqning boshi yoki ko‘zini yeyish mumkinmi?
Ko‘plar baliq boshini yeyishga ishtiyoqmand bo‘ladi. Ba’zilar esa bunga jazm qilolmaydi. Albatta, baliq boshida xuddi tanasi kabi foydali darmondorilar bor. Lekin baliq o‘ziga tez gijja ilg‘ab olishini ham inobatga olish kerak. Gijjaning aksariyat qismi aynan boshda to‘planadi. Shuning uchun baliq boshini yemoqchi bo‘lsangiz, qovurishdan avval, tuzli suvda obdon ivitib, suvda 1 soat qaynatib, keyin qovurish kerakligini yodda tuting. Xuddi shu narsa baliqning ko‘ziga tegishli.
Me’yoriy ravishda baliq iste’mol qilish, qonning ivish jaryonini tartibga soladi, qonda zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi va tomirlar torayishi va tiqinlar paydo bo‘lishining oldini oladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
