EMLASH – YUQUMLI KASALLIKLARGA QARSHI KURASHDA ENG MUHIM VOSITA
2026-01-23 17:20:00 / Yangiliklar

Emlash–individual va jamoaviy darajada himoyani ta’minlaydi, xavfli kasalliklar tarqalishining oldini olishga va millat salomatligini saqlashga yordam beradi.
Emlash jadvali Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan milliy emlash taqvimlari bilan belgilanadi.
Yurtimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga ko‘ra, bugungi kunda bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklar — virusli gepatit В, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiya, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiya, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk infeksiya, VPCH-odam papilloma viruslariga qarshi rejali tarzda emlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2000-yilgacha mamlakatimizda bolalar atigi 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan bo‘lsa, hozirga kelib, yana 7 turdagi vaksina profilaktik emlash kalendariga kiritilgan va ularning aksariyati bola bir yoshga to‘lguniga qadar qo‘llaniladi.
Ma’lumki, vaksina olishga ko‘rsatma yoki qarshi ko‘rsatmalar mutaxassis tomonidan aniqlanib, shifokor har bir ona bilan bolaning surunkali kasalliklari, avvalgi emlash preparatlariga reaksiyalari yoki asoratlari, dori vositalariga va oziq-ovqatlarga allergik reaksiyalari haqida qisqa so‘rov o‘tkazadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha har 100 ming nafar aholiga 14 nafar bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallangan bemor to‘g‘ri keladi. Har yili Yer yuzida 604 ming nafar ayolda ushbu xastalik aniqlanib, ulardan 342 ming nafari vafot etyapti. Yurtimizda bu xastalik barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinni egallaydi.
O‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida esa ikkinchi pog‘onada qayd etilgan. Kasallikning oldini olish uchun uni o‘z vaqtida aniqlash va davolash hamda 9 yoshdagi qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash hisoblanadi.
Shu boisdan 2019-yildan boshlab milliy emlash kalendariga bachadon bo‘yni saratoniga qarshi qo‘llaniluvchi OPV vaksinasi ham kiritildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etadi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
