KELIB CHIQISHI HAYVONOTGA MANSUB OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARINING XAVFSIZLIGI BO‘YICHA SANQvaN LOYIHASI MUHOKAMA QILINDI
2026-01-16 15:30:00 / Yangiliklar

2026 yil 16 yanvar kuni Toshkent davlat agrar universitetida oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organlari mutaxassislari, ilmiy xodimlar va tadbirkorlik sub’yektlari vakillari bilan kelib chiqishi hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (SanQvaN) loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha xalqaro ekspert Kornelis Sonneveld ishtirok etdi.
Seminar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bo‘yicha bilimlarni oshirish dasturi (ASK Facility)” doirasida o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 iyundagi PQ–181-son qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq ravishda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida tashkil etildi.
Seminar davomida ishtirokchilar bilan birgalikda mamlakatda oziq-ovqat nazorati tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va mazkur yo‘nalishdagi zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi uchun asosiy mas’uliyatni oziq-ovqat biznesi operatorlari zimmasiga yuklash, korxonalarni reyestr asosida ro‘yxatdan o‘tkazish, hamda ishlab chiqarishda GHP, GMP va HACCP tizimlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda SanQvaN loyihasining asosiy bo‘limlari bo‘yicha taqdimot va amaliy fikr almashishlar tashkil etildi. Xususan, loyiha doirasida quyidagi yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi:
• sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga qo‘yiladigan gigiyena talablari;
• go‘sht va go‘sht mahsulotlari bo‘yicha sanitariya talablari va harorat rejimlari;
• baliq va baliq mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash talablari;
• tuxum va tuxum mahsulotlari uchun gigiyena qoidalari.
Ta’kidlanganidek, ushbu hujjat Codex Alimentarius standartlari va Yevropa Ittifoqining EC 853/2004 reglamenti asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning takomillashtirilishi mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi darajasini oshirish, iste’molchilar salomatligini himoya qilish hamda ishlab chiqarish korxonalarida gigiyenik talablarga muvofiq ish yuritish amaliyotini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Seminar yakunida ishtirokchilar bildirgan taklif va tavsiyalar asosida SanQvaN loyihasini yanada takomillashtirish hamda uni yakuniylashtirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee

