RASMIY MUNOSABAT
2026-01-16 10:45:00 / Yangiliklar

Telegram ijtimoiy tarmog'ida poytaxtimizning Yangihayot tumanida joylashgan 48-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarga go'sht miqdori kam bo'lgan taom berilayotgani aks etgan video xabarlar tarqalgan edi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Sanepidqo'mita Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu maktabgacha ta'lim tashkiloti hamda tadbirkor tomonidan yuritilayotgan oshxonada Biznes ombudsman bilan kelishilgan holda kuchaytirilgan tekshiruv ishlari olib borildi.
Natijada video xabardagi holat qisman tasdiqlandi. Bolalarga tushlik uchun tayyorlangan kotletlar tasdiqlangan taomnomaga ko'ra 50 grammdan berilishiga qaramay, 30-35 grammdan tayyorlangani, oshxonada taom tayyorlash texnologiyasining buzilayotgani, bolalarni taomlantirish uchun umumiy ovqatlanish zali bo'lishiga qaramay bolalar guruhlarda taomlantirilayotgani sababli idishlar hojatxona rakvinasida yuvilayotgani ma'lum bo'ldi.
Bolalar o'rtasida sog'lom ovqatlantirish va sanitariya qoidalarining qo'pol ravishda buzilayotgani bois maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori hamda tadbirkorga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, tekshiruv davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ishni ko'rib chiqish uchun ma'lumotlar Jinoyat ishlari bo'yicha sudga taqdim etildi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee
